Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 23 aprel kuni parlament yuqori palatasining yalpi majlisida noqonuniy xarajatlar, kamomad va o‘g‘irlik hamda byudjetdan samarasiz xarajatlar hajmi yildan-ilga tobora o‘sib borayotganini ta’kidladi.

Masalan, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 36,5 milliard so‘mni, 2018 yilda 1,2 trillion so‘mni, 2019 yilda 1,1 trillion so‘mni, 2020 yilda 2,7 trillion so‘mni tashkil etdi, dedi u.

«Hisob palatasi tomonidan bunday holatlarning aniqlanayotgani yaxshi. Lekin boshqa tomondan, savol tug‘ilayapti, byudjet mablag‘larini noqonuniy sarflash shunchalik osonmi? Buni, masalan, bartaraf qilish mumkin, bartaraf qilinadi, lekin ertaga boshqa rahbar kelayapti-da, boshqasi ham xuddi shuni davom ettirayapti. Balki imkon yaratib berayotgan qandaydir mexanizmlar bordir? Balki qandaydir qonuniy choralarni ko‘rishimiz kerakdir? Qonunlarga o‘zgartishlar kiritish kerakdir? Nima deb o‘ylaysiz?» — deb so‘radi Senat raisi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Bahodir Turobovga murojaat qilar ekan.

Bahodir Turobov. Foto: Senat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichning o‘sishining sabablaridan biri nazorat tadbirlari va tematik tahliliy o‘rganishlar sonining ko‘payishi (2016 yilda 25 ta tadbir o‘tkazilgan bo‘lsa, 2020 yilda — 87 ta) bilan bog‘liq.

U yana bir sabab sifatida vazirlik va idoralar o‘rtasida axborot almashinuvidagi «inson omili»ni keltirib o‘tdi. Hisob palatasi rahbarining birinchi o‘rinbosari vazirliklar va idoralarda korrupsiyaga qarshi muvofiqlikni nazorat qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish byudjetdan noqonuniy xarajatlarning oldini olishga yordam berishini ta’kidladi.

«Nazorat tizimlari, umuman mexanizmlarini yanayam aniqlashtirish, kuchaytirish bo‘yicha, baribir, tinmasdan ishlash kerak. Noqonuniy sarflash masalasini kun tartibimizdan chiqarib tashlashimiz kerak. Bunaqa masala umuman bo‘lmasligi kerak. Byudjet puli, bu — xalqning puli. Bu xalqqa borishi kerak, qandaydir amaldorlarning cho‘ntagiga borishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerak. Agar shunday bo‘layotgan bo‘lsa, ularga ayovsiz qonuniy chora ko‘rishni ta’minlashimiz kerak», — dedi Tanzila Norboyeva. U Hisob palatasiga o‘z vakolati doirasida materiallarni prokuraturaga berishni topshirdi.

Bahodir Turobov, shuningdek, bir necha viloyat hokimliklari xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan kelishmagan holda mahalliy byudjet parametrlariga o‘zgartirishlar kiritganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jizzax viloyati hokimligi byudjet parametrlariga 35 milliard so‘mga, Xorazm viloyati 10 milliard so‘mga, Andijon viloyati 15 milliard so‘mga o‘zgartishlar kiritgan, ammo bu qarorlar mahalliy kengashlar qarorlari bilan tasdiqlanmagan.

Hisob palatasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Moliya vazirligi bilan birgalikda bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.

Hisob palatasi hududlarda yer uchastkalarini ajratish jarayonini o‘rganayotganda 598 ta holatda mahalliy hokimliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kim oshdi savdosi o‘tkazmasdan sotgani, natijada byudjetga 36,9 milliard so‘mdan kam mablag‘ tushganini aniqlagan.

Bundan tashqari, E-Ijro Auksion platformasida yer sotishda 4383 ta yer uchastkasining qiymati noto‘g‘ri hisoblab chiqilgan, natijada byudjet 11,2 milliard so‘mlik daromadini yo‘qotgan.

416 ta yer uchastkasida 279,2 milliard so‘mlik investitsiya majburiyatlari bajarilmagan va deyarli 3700 ta ish o‘rni yaratilmagan.

«Bunday holatlarning asosiy sabablarini tahlil qilganimizda, birinchi navbatda respublikada mas’ul idoralar tomonidan yer uchastkalarini sotishda investitsiya majburiyatlarini belgilashning aniq tartiblarining ishlab chiqilmagani, ya’ni respublikada mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, boshlang‘ich narxni belgilash bo‘yicha amaldagi tartib ularning haqiqiy xarid qiymati bo‘yicha aniqlash imkoniyatini bermayotgani sababli shunday holatlar kelib chiqmoqda. Masalan, birgina boshlang‘ich narxi 21 mlrd so‘m bo‘lgan 2021 ta yer uchastkasi bir necha marta auksionga qo‘yilsa-da 8 oydan beri sotilmay turibdi», — dedi Bahodir Turobov.

Hisob palatasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Toshkent viloyatida mintaqada suv ta’minotini yaxshilash uchun 14 ta ob’ekt foydalanishga topshirilgani e’lon qilingani, ammo aslida ular to‘liq ishga tushirilmagani, shu sababli 12 mingdan ziyod xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganini ma’lum qildi.

Xuddi shu yig‘ilishda Bahodir Turobov, jumladan, davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish loyihasini (Salomatlik-3) amalga oshirish jarayonida 18,6 million dollarning maqsadsiz foydalanilgani aniqlanganini aytdi.

Avvalroq Senat rahbari Tanzila Norboyeva o‘tgan yili byudjet muassasalaridan 301 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilinganini ma’lum qilgan edi. Korrupsionerlar soni qariyb 30 foizga ko‘paygan, 78 ming gektardan ortiq yer noqonuniy ravishda ajratilgan.