29 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Tomonlar kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha Xitoyda to‘plangan katta tajribani chuqur o‘rganish masalasida yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi. Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Xitoy hukumati mamlakatda qashshoqlik to‘liq bartaraf etilganini e’lon qilgan edi. Hukumat so‘nggi 8 yil ichida buning uchun jami 246 mlrd dollar sarflab, deyarli 100 mln aholini qashshoqlik darajasidan olib chiqdi.

Shavkat Mirziyoyev koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun XXR yetakchisiga samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston va Xitoyning vakolatli idora va tashkilotlari sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlab, aholini ommaviy emlash bo‘yicha birgalikdagi samarali ishlarni kengaytiradi.

O‘zbekiston prezidenti «Yagona Xitoy» siyosatini hamda «uch yovuz kuch» — terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarni doimo qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.

«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi samarali muloqot, shu jumladan mintaqada muhim infratuzilmaviy loyihalarni, ular qatorida «XXR — Qirg‘iziston — Xitoy» avtomobil va temir yo‘llarini qurish loyihasini ilgari surish ishlari davom etayotgani qayd etildi. O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Yetakchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtaldi.

Murakkab sharoitlarga qaramasdan, pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish va joriy yil boshidan o‘zaro savdoning 33 foizga o‘sishini ta’minlashga erishilgani ta’kidlandi. Muhim qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda. Mamlakatlar yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 10 mlrd dollarga yetkazish, shuningdek, eksport va import ko‘rsatkichlarining mutanosibligini ta’minlash sari muvaffaqiyatli harakat qilmoqda. O‘zbekiston Shanxay shahrida o‘tadigan navbatdagi Import mahsulotlari Xitoy xalqaro ko‘rgazmasida faol ishtirok etadi, deyiladi xabarda.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Xitoy yetakchi korxonalarining turli tarmoqlardagi kooperatsiyasini kuchaytirish, shuningdek, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlaridagi loyihalarni ilgari surishda o‘zaro ko‘maklashish zarurligini qayd etdi. Keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dasturni tayyorlash va qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Yetakchilar O‘zbekiston-Hitoy hukumatlarararo qo‘mitasi faoliyatini kuchaytirish va yaqin fursatda uning navbatdagi majlisini o‘tkazish topshirig‘ini berdi.

Suhbat chog‘ida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan «Xitoy — Markaziy Osiyo» formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama munosabatlar va amaliy hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimizda ushbu tashkilotning sammitini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. SHHT Muloqot guruhining Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashish va ushbu mamlakatni iqtisodiy tiklashdagi muhim o‘rni qayd etildi.

Yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdi va XXR raisining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifiga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekanini qayd etdi.