Shar’iy xotinini muntazam ravishda qiynab, uni urib kelgan fuqaroga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Namangan viloyati prokuraturasi xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, fuqaro M.Qirg‘izboyeva 14-aprel kuni To‘raqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilib, 12 aprel kuni kuyovi A.Xudayberdiyev rashk sababli qizi U.Xolboyevani urib tan jarohati yetkazganligini ma’lum qiladi va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘raydi.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlanib, fuqaro U.Xolboyevani tan jarohati olganligi holati yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanadi.

RSTEIAM To‘raqo‘rg‘on tumanlararo bo‘linmasining 23 apreldagi xulosasida fuqaro U.Xolboyeva badanidagi tan jarohatlarining ayrimlari 10−15 sutka avval, ayrimlari 2−3 sutka oldin qattiq o‘tmas buyum ta’siridan, shuningdek arqon ta’siridan ham kelib chiqqanligi inkor etilmasligi, ushbu jarohatlar og‘irlik darajasi bo‘yicha sog‘lig‘ini buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohatlari turkumiga kirishi ko‘rsatilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, A.Xudayberdiyev sha’riy turmush o‘rtog‘i U.Xolboyevani rashq qilishi, unga ishonmasligi, muttasil uni qiynab, o‘zining yashash xonadonida urib-do‘pposlab kelishi aniqlangan.

24 aprel kuni holat bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro A.Xudayberdiyevga nisbatan JKning 109-moddasi 2-qismi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

27 aprel kuni fuqaro A.Xudoyberdiyevga nisbatan JKning 109-moddasi 2-qismi va 110-moddasi 1-qismi bilan himoya huquqlari to‘liq ta’minlangan holda gumon e’lon qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi.

Oldinroq «Sukut saqlama» loyihasi ushbu voqea haqida ma’lumot berib, hozirda U.Xolboyeva shifoxonada davolanayotganligi haqida xabar bergan edi.

Xabarda aytilishicha, A.Xudayberdiyev U.Xolboyevani arqonda bog‘lab ketmon dastasi singuncha kaltaklagan.