Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi paxta yog‘i va chigit narxini shakllanishi ustidan nazoratni kuchaytirayapti, deb xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, paxta yog‘i narxining oshishiga asosiy sabab — bu yog‘ ishlab chiqaruvchi davlatlardagi kungaboqar yog‘i narxining ko‘tarilishidir.

Biroq, MQKQ tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchilar tomonidan «Raqobat to‘g‘risida"gi qonun buzilish alomatlari borligi aniqlandi. Qo‘mita ular mavjud vaziyatdan foydalanib, urug‘lar narxini asossiz oshirib yuborishi yoki bozorda uning ta’minotini sun’iy ravishda jilovlashi mumkin deb hisoblaydi.

«Xususan, qo‘mitada tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan tovar bozorida o‘zaro raqobatchi bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalari o‘rtasida kelishib olingan harakatlar va kelishuvlar bor yoki yo‘qligi aniqlashtirilmoqda. Kelishuvlar aniqlangan holda uni orqasidan sun’iy ravishda narxlarni belgilashga yoki saqlab turishga, ishlab chiqarish va mahsulot sotish bozorlari ustidan nazorat o‘rnatishga, taklif hajmini sun’iy ravishda o‘zgartirish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini kelishib olishga qaratilgan harakatlar mavjudligini aniqlash yuzasidan chuqur tahlil o‘tkazilyapti», — deyiladi xabarda.

MQKQ paxta yog‘i narxlarining o‘sishini oldini olish uchun bitta xaridor tomonidan paxta yog‘ini 3 tonnadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda tovar va xom ashyo birjasida sotib olish hajmini chekladi.

Qo‘mitaning ogohlantirishicha, raqobatga zid bo‘lgan harakatlar aniqlangan taqdirda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi kompaniya va shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda hamma zarur choralarni ko‘radi.

«O‘zyog‘moysanoat» uyushmasi matbuot xizmati rahbari Faxriddin Kalonovning «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida (suhbat 5 aprelda bo‘lib o‘tgan) u asosan kungaboqar yog‘ining narxi o‘sib borayotgani, paxta yog‘ining katta qismi esa fond birjasida sotilmay qolayotganini ta’kidlagan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mart oyida 17379 tonna paxta yog‘i fond birjasi savdolariga qo‘yilgan, biroq shundan 5197 tonnasi (30 foiz atrofida) xarid qilingan xolos. Yog‘ni sotib olgan tadbirkorning ustama narxini hisoblamaganda, bir litr paxta yog‘i 11,5−12,4 ming so‘m atrofida bo‘lgan (shunga qaramasdan, 1 apreldan 14 aprelgacha paxta yog‘ining narxi bir tonna uchun 11,3 mlndan 17,3 mln so‘mgacha ko‘tarilib ketgan).

24 aprel kuni senatorlar o‘simlik yog‘i, kungaboqar, zig‘ir va soya urug‘i importiga QQSni bekor qilishni ma’qulladi. Bundan tashqari, kungaboqar va paxta yog‘i hamda ularning urug‘lariga eksport bojlari joriy etiladi. Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov soliq imtiyozlari sababli byudjetga 267 mlrd so‘mlik tushum bo‘lmasligini hamda yo‘qotish o‘rni qanday qoplanishini ma’lum qildi.