23 aprel kuni Toshkentning Yakkasaroy tumanida IIBB xodimlari uch yigitning radarga tosh otayotganini ko‘rib qolishdi. Ular Spark avtomobilida tezlik tartibini avtomatlashtirilgan tarzda qayd etuvchi moslama o‘rnatilgan ustun oldiga kelib to‘xtagan va unga tosh otishni boshlagan.

Tez orada mazkur fuqarolar avtomobillari bilan Yakkasaroy tumani IIO FMBga yetkazildilar, deyiladi IIBB matbuot xizmati xabarida. Huquqbuzarlar 22 yoshli Jahongir M. (yuqoridagi avtomobil haydovchisi), 23 yoshli Shavkatjon M. va 23 yoshli Axror Sh. ekanligi aniqlandi.

Suhbat davomida aniqlanishicha, hodisadan bir oz avvalroq Jahongir M. tomonidan 17 aprel kuni sodir etilgan qoidabuzarlik sababli avtomobil egasiga tezlik tartibi buzilgani uchun 1,225 mln so‘mlik jarima kelgani ma’lum bo‘ldi. «Qilmishi uchun tegishli mas’uliyatni bo‘yniga olmagan fuqaro o‘rtoqlari bilan birga radardan „alamlarini olishga“ qaror qilishgan», — deyiladi xabarda.

Mazkur fakt asosida O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183 moddasi («Mayda bezorilik») bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Jazo to‘g‘risidagi hukm sud tomonidan chiqariladi.

Xabarda radarga biror zarar yetkazilgani haqida ma’lum qilinmagan.