AQSH prezidenti Jo Bayden seshanba kuni COVID-19'ga qarshi to‘liq emlangan amerikaliklarga niqobsiz ko‘chaga chiqishi mumkinligini e’lon qildi, deya xabar bermoqda The Guardian.

Shuningdek, kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) ham to‘liq emlangan odamlar unchalik katta bo‘lmagan guruhlarda niqobsiz yurish, velosipedda harakatlanish, muloqot qilish yoki ochiq havoda ovqatlanishlari mumkinligi to‘g‘risida ko‘rsatmalarni yangilashdi. Biroq, konsertlarga, sport musobaqalariga, shuningdek sartaroshxonalarga, kinoteatrlarga, muzeylarga, savdo markazlariga tashrif buyurganda, baribir niqob taqish talab qilinadi.

Jo Baydenning so‘zlariga ko‘ra, AQSHda allaqachon 215 million miqdorda emlash ishlari amalga oshirilgan va COVID-19 bilan kasallanish hamda o‘limlar soni «keskin kamaygan». Mamlakatdagi qariyalarning uchdan ikki qismi to‘liq emlangan, ushbu guruhdagi o‘lim darajasi 80% ga, kasalxonaga yotqizish esa 70% ga kamaydi. Oq uy rahbari buni vaksina qabul qilish uchun yana bir yaxshi sabab deya ta’kidladi va fuqarolardan tezroq emlanishni so‘radi.

Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri AQSHda 32,1 mlndan ortiq koronavirus infeksiyasi yuqtirish holatlari aniqlangan va buning oqibatida 573 ming kishi vafot etgan. Mamlakat ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha ham dunyoda birinchi o‘rinda turibdi.