Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi 28 aprel kuni kechki tirbandlik soatlarida Toshkent metropolitenining «Milliy bog‘» va «Novza» stansiyalari o‘rtasida poyezd to‘xtab qolgani bilan bog‘liq hodisaga munosabat bildirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda piyodalarning tunnel bo‘ylab piyoda ketayotgani aks etgan video tarqaldi.

Poytaxt metrosida nosozliklar so‘nggi vaqtlarda tez-tez sodir bo‘lmoqda. Mart oyida «Olmazor» (Chilonzor yo‘li) va «Bekat-1» (Sergeli yo‘li) orasidagi tunnelda ikki poyezd to‘qnashgan edi. Aprel boshida esa metroning Sergeli yo‘nalishida kontakt relsining kronshteyni parchalanib ketdi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda poyezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi.

Agentlikning qayd etishicha, «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida"gi Qonunning 8-moddasida yo‘lovchi tashishning asoslari belgilab qo‘yilgan, jumladan:

  • shahar yo‘lovchilar transportining bir maromda ishlashini tashkil etish;
  • yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini oshirish;
  • yo‘lovchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini, transport vositalari harakatining xavfsizligini, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilish talablari bajarilishini ta’minlash.

«Ammo, „poytaxt yer ostidagi“ voqealar xizmat ko‘rsatuvchining o‘z majburiyatlarini bajarmayotganiga dalolat bermoqda», — deyiladi xabarda.

Agentlik ushbu holatlarni va har bir yo‘lovchi iste’molchi ekanligini hamda ularning haq-huquqlari «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun bilan himoyalanishini eslatgan holda yuqorida keltirilgan muammolarni o‘z nazorati ostiga olib, metropoliten xizmatlari yuzasidan o‘rganish ishlarini boshlaganini ma’lum qildi.