27 mart kuni Troll.uz blogi muallifi Umid Gafurov Buxoro davlat tibbiyot institutida «Odam anatomiyasi. Atlas» kitobini sotib olishda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi videoni e’lon qilgan edi.Rolikda qayd etilishicha, BuxDTI institut rektori, professor Shuhrat Jumayevich Teshayev va OTMda mehnat shartnomasi asosida ishlagan Yelena Aleksandrova Xaribova muallifligidagi kitobni sotib olish uchun Bitubi Grupp kompaniyasi bilan bir qancha shartnomalar imzolagan.

Shartnomalarning umumiy qiymati 1,4 mlrd so‘mni tashkil etgan. Kitoblar narxi doimiy ravishda o‘sib borgan, ayrim shartnomalar esa Bitubi Grupp noshirlik faoliyati uchun litsenziya olishidan avvalroq imzolangan. Bu vaqtda yanada arzonroq narxlarni taklif qilgan bir qancha nomzodlar mavjud bo‘lgan.

Manba: KTYAD.

Bundan tashqari, rektor o‘zining shaxsiy avtomobili bo‘lishiga qaramasdan, xizmat avtomobilida Shuhrat Teshayevning qarindoshlarini olib yurgan o‘z haydovchisini ishdan bo‘shatib yuborgan. Haydovchi xizmat avtomobilidan shaxsiy ehtiyojlari uchun foydalanish sababli yoqilg‘i xarajatlari tasdiqlangan limitdan oshib ketishni boshlagan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi munosabati

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Buxoro viloyati prokuraturasi bilan birgalikda olib borilgan tekshiruvlar natijalarini e’lon qildi.

Shuhrat Teshayev. Foto: bsmi.uz.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, institut Bitubi Grupp korxonasidan 721,2 mln so‘mlik jami 1725 dona (1-tom 1500 dona, 2-tom 225 dona) «Odam anatomiyasi. Atlas» kitobini xarid qilgan. Shundan 602,2 mln so‘m talabalarning to‘lov-kontraktidan tushgan mablag‘lar hisobiga, 119 mln so‘m byudjet mablag‘lari hisobiga amalga oshirilgan. Kitoblar hisobxona balansiga to‘liq kirim qilingan va sanoqdan o‘tkazilganida kamomad aniqlanmagan.

Ushbu xaridlarni amalga oshirish uchun Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Bitubi Grupp o‘rtasida bir nechta shartnomalar tuzilgan. Xususan, 2019 yil 13 avgustda tuzilgan 1-son shartnomaga asosan 15 foizlik oldindan to‘lov (17,8 mln so‘m) Bitubi Grupp hisobiga o‘tkazib berilgan.

Agentlik ikkita shartnoma Bitubi Grupp noshirlik faoliyatini amalga oshiruvchi tegishli litsenziyaga hamda ushbu kitobni nashr etish uchun tegishli ruxsatnomani rasmiylashtirmasidan avval tuzilganini tasdiqladi. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani uchun ikkita to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma (299,7 mln so‘mlik va 419,8 mln so‘mlik bekor qilingan.

Tekshiruv jarayonida, shuningdek, Yelena Xaribova haqiqatdan ham 2020 yil 1 iyul kuni mehnat shartnomasi imzolangani hamda 2021 yil 1 aprelga qadar onlayn va oflayn tarzda faoliyat yuritgani ma’lum bo‘ldi.

Amrillo Inoyatov. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Institut balansidagi Lacetti rusumli avtomashinaga 2019−2020 yillar uchun belgilangan limitga nisbatan 1144 m³ ortiqcha sarflangan siqilgan gaz yoqilg‘isi uchun 8,4 mln so‘m institutning sobiq rahbaridan undirilgan. Shuningdek, 2021 yilning 2 oyi davomida 381 ming so‘mlik 158 m³ siqilgan gaz yoqilg‘isi belgilangan limitdan ortiqcha sarflangani aniqlanib, yetkazilgan zarar institut rektori tomonidan to‘liq qoplangan.

Bundan tashqari, institut haydovchisi B.D.ning mehnat shartnomasi noqonuniy ravishda tugatilgani holati viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, haydovchi qayta ishga tiklangan.

Tekshiruvlar jarayonida OTMning 2018 yil 7 noyabrdagi «Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori talablariga rioya etilmasdan, to‘lov-kontrakt tushumlaridan tushadigan ajratmalardan SSVning rivojlantirish jamg‘armasiga 7,8 mlrd so‘mlik o‘tkazmalarni o‘z vaqtida o‘tkazib bermaganligi aniqlandi va ushbu summa jamg‘armaga to‘liq o‘tkazib berilishi ta’minlandi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi munosabati

O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham holat yuzasidan munosabat bildirdi. Qo‘mitaning qayd etishicha, BuxDTI tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning «Davlat xaridlari to‘g‘risida» va «Raqobat to‘g‘risida"gi qonunlar talablari mosligi o‘rganib chiqilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 3 aavgust kuni buyurtmachi maxsus axborot portalida boshlang‘ich narxini pasaytirish yo‘li bilan auksion savdosi orqali kitoblarni sotib olish to‘g‘risida e’lonni joylashtirgan, unda auksionning boshlang‘ich narxi 391,860 mln so‘mni tashkil etishi ko‘rsatilgan.

«Mazkur tanlov savdolari yuzasidan ma’lumot va hujjatlar o‘rganish natijasida, qonun buzilish alomatlari aniqlangan. Xususan, tanlov savdolarida uch tomonlama kelishuv borligi ma’lum bo‘lgan», deyiladi xabarda.

Maxsus axborot portalida joylashtirilgan dastlabki tijoriy takliflargaga ko‘ra, Bitubi Grupp 933 dona «Odam anatomiyasi» kitobi uchun 382,530 mln so‘m bilan, «Buxoro Sharq» esa 373,666 mln so‘m bilan o‘z takliflarini taqdim etishgan. Biroq Bitubi Grupp bilan «Buxoro Sharq» taklif etgan narx — 373,666 mln so‘mlik shartnoma imzolangan. Portaldagi ma’lumotlar esa almashtirib qo‘yilgan.

Shuningdek, oldingi o‘tkazilgan auksionlarda «Kurilish Ta’mir Savdo» va «Global Baxodir Trast» kompaniyalari g‘olib deb topilgani, ammo kitob yetkazib berishni imkoni bo‘lmagach, o‘zaro kelishuvga ko‘ra shartnomalar bekor qilingani ma’lum qilindi. Aniqlanishicha, kitobni aynan «Bitubi Grupp» MCHJ chop etgan.

O‘rganish yakunlariga ko‘ra, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan Buxoro tibbiyot institutiga qarshi ish qo‘zg‘atib, unga ko‘rsatma berilgan.