Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov seshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi vaksina xususiy sektor tomonidan pullik tarzda qilinayotgani haqida xabarlarga munosabat bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiy immunoprofilaktika muassasalar (vaksinatsiya markazlari) tomonidan koronavirusga qarshi emlash jarayonlariga ruxsat berilgan. Shu bilan birga, hozirgi kunda koronavirusga qarshi vaksinalar faqat davlat buyurtmasi asosida olib kelinmoqda va ushbu vaksinalar bilan aholining xavf osti guruhiga kiruvchi qatlamlari emlanmoqda.

«Xususiy immunaprofilaktik muassasalar ham o‘zlari koronavirusga qarshi vaksinani olib kelib, emlash jarayonlarini amalga oshirishlari mumkin. Ammo hozircha biror bir xususiy vaksinatsiya markazida bunday amaliyotlar o‘tkazilmayapti», — dedi Nurmat Otabekov.

Nurmat Otabekov keyinchalik mamlakatga olib kelinayotgan vaksinalarga davlat buyurtmasi shakllantirilayotgan chog‘da xususiy sektor ehtiyoji ham e’tiborga olinishini ta’kidlab o‘tdi. Ammo hozircha faqat davlat muassasalarida xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.

«Xususiy sektor ehtiyoji ham e’tiborga olinsa, uni yurtimizga yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan tashkilot, shu jumladan, „Dori-darmon“ AK tomonidan ham xususiy sektorga yo‘naltirilishi mumkin», — dedi u.

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Egamberdiyevning ma’lum qilishicha, 28 apreldan boshlab Toshkentdagi markaziy poliklinikalarda 65 yoshdan oshgan fuqarolarni «Sputnik V» vaksinasi bilan emlash boshlanadi. Shuningdek, u 27 aprel kuni poytaxtdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilari va maktab o‘qituvchilariga emlash ishlari boshlanganini aytdi.