Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakatda epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi sababli 29 apreldan 17 maygacha Turkiyada to‘liq karantin e’lon qilinishini ma’lum qildi. Bu haqda «Anadolu» agentligi xabar bermoqda.

Turkiyaning barcha maktablarida kunduzgi darslar to‘xtatiladi va barcha imtihonlar qoldiriladi.

Yakshanba kunlari savdo markazlari yopiladi, boshqa kunlari esa ular faqat ma’lum soatlarda xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, shaharlararo harakatlanish faqat ruxsatnoma bilan amalga oshiriladi va shaharlararo transportlar faqat 50 foizga to‘lgan holda harakatlanadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Anqaradagi elchixonaga tayanib xabar berishicha, Turkiya hukumati xorijiy davlatlarning fuqarolarining (6 va undan katta yoshdagi) mamlakatga kirish uchun zarur qilib qo‘ygan qoidalarini 31 mayga qadar uzaytirdi.

Unga ko‘ra, Turkiyaga borishdan 72 soat oldin, PZR testdan o‘tish va bu haqda QR-kodli, ingliz tilidagi tarjima qilingan hujjat kerak bo‘ladi. Shuningdek, Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi saytida test topshirganlik haqida anketa to‘ldirib, shu anketani mobil telefonga yuklab olish yoki chop etish talab qilinadi. Anketa to‘ldirilgach, fuqaro uchun shaxsiy HES-kod shakllatiriladi. Ushbu HES-kodsiz fuqaro samolet bortiga qo‘yilmaydi. Turkiyaning o‘zida esa anketa turli hududlarda bo‘lib turish uchun talab qilinadi.

HES-kodsiz Turkiyaga kelgan chet el fuqarolari mamlakatga kirishi taqiqlanib, o‘z mamlakatlari hisobidan deportatsiya qilinishi mumkin.

Ushbu talablar tranzit yo‘lovchilari uchun taalluqli emas.