26 aprel kuni Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida Eron futbol klubi «Traktor»ga qarshi to‘p surdi.

Birinchi bo‘limda to‘pni nazorat qilishda «Paxtakor» ustun bo‘ldi, ammo xavfli vaziyatlar deyarli yuzaga kelmadi. «Traktor» safidan Temuriyning zarbasini Sanjar Quvvatov qaytargan bo‘lsa, «Paxtakor» safidan Derdiyok yaqin masofadan noaniq zarba yo‘lladi.

Ikkinchi bo‘lim boshida raqib jamoadan Dejaga ikki bor va Narimonjahon «Paxtakor» darvozasi tomon zarba yo‘lladi. O‘yin oxirlarida Cheran va Temirovning aniq urinishlaridan so‘ng «Traktor» darvozaboni Axbori mahorat ko‘rsatdi. Shuningdek, asosiy jamoada o‘z debyutini nishonlagan Fayzullayevning boshi bilan bergan zarbasiga aniqlik yetishmadi. Shu tariqa «Paxtakor» guruhda 4-bor durangga imzo chekdi.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida «Paxtakor» bosh murabbiyi Piter Xyuistra quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

«Natijadan xafamiz. Futbolchilar g‘alaba uchun oxirigacha kurashishdi. Vaziyatlar yaratishga urindik. Imkon qadar gol urishga urindik, ammo bu samara bermadi. Raqib darvozaboni ajoyib seyv namoyish etdi. Endi so‘nggi o‘yinni yutishga harakat qilamiz. Mavsum hali davom etadi, xatolardan xulosa chiqaramiz», — deydi u.

Ma’lumot uchun, guruhda 5-turdan keyin «Sharja» 11 ochko bilan peshqadamlikni saqlab turgan bo‘lsa, «Paxtakor» 4 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun Olmaliqning AGMK jamoasi OCHLdagi 5-tur bahsini «Al Hilol» klubiga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bahs Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi. AGMK jamoasi 4-turda «Shabab Al Ahli»ga qarshi o‘yinda 3:1 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.