26 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘p qavatli uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 37 402 ta ko‘p qavatli uy, ularda 1,3 milliondan ortiq xonadon bor. Bu uylarning 68 foiziga shirkatlar, 24 foiziga boshqaruv kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi, 8 foiz uylar esa mulkdorlar tomonidan umuman boshqarilmaydi.

Uy-joy mulkdorlari shirkatlari 4 430 ta bo‘lib, shundan atigi 1 350 tasi yoki 30 foizi yaxshi ishlaydi, qolgani o‘rta va og‘ir sharoitda, deyiladi xabarda.

O‘rganishlarda aniqlanishicha, to‘lovlar bo‘yicha tariflarning norentabelligi, hisob-kitoblarning shaffof emasligi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining eskirgani muammolarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘p shirkatlar o‘z vazifasini bajarmaydi, buning uchun ularda kadrlar yetishmaydi. Oqibatda xonadon egalarining shirkat va boshqaruv kompaniyalariga ishonchi yo‘qolgan. Badallarning to‘liq yig‘ilmasligi tufayli debitorlik qarzdorligi oshib ketgan.

Shu sabab, chet ellik mutaxassislarni jalb etgan holda joylarga chiqilib, aholi va shirkatlar vakillari bilan fikrlashilib, muammolar chuqur o‘rganildi. Xorij tajribasi asosida ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy boshqarmalari huzurida Ko‘p kvartirali turar joy fondini ta’mirlash jamg‘armasini tashkil etish, uni 35 foiz respublika byudjeti, 35 foiz mahalliy byudjet va qolgan 30 foizini mulkdorlar to‘lovidan jamg‘ariladigan mablag‘lar hisobidan shakllantirish rejalashtirilgan.

Hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlash maqsadida boshqaruv tashkilotlari va shirkatlarning elektron reyestrini yuritish, har bir ko‘p qavatli uyga alohida shaxsiy hisobraqam ochish, uyning xizmat ko‘rsatish hududini aniq belgilash, mulkdorlarga hisobot berish tartibini takomillashtirish, hisob-kitoblarga billing tizimini joriy qilish mo‘ljallangan, deyiladi xabarda.

Shuningdek, yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilganidan keyin ikki yil mobaynida quruvchi tashkilot boshqaruvida bo‘lishini belgilash, turar joylarni saqlash va undan texnik foydalanish qoidalarini ishlab chiqish ham talab etilmoqda.

Boshqaruv kompaniyalari va shirkatlar xodimlarini o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish ham rejalashtirilmoqda.