Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida 23 aprel kuni bir guruh ayollar Xo‘jaobod qishlog‘idan o‘tuvchi Qarshi-Samarqand avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘yishdi. Holat aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Tumanning «Qumdaryo» mahallasi Oqtunli qishlog‘ida yashovchi ayollar farzandlari qo‘shni qishloqdagi maktabga borish uchun qiynalayotgani, ular Xo‘jaobod qishlog‘idagi maktabga borishi uchun Qarshi-Samarqand avtomobil yo‘lidan kesib o‘tishlari xavfli ekanini bildirib, yo‘lni to‘sib, mashinalar harakatlanishiga qarshilik ko‘rsatishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 21 aprel kuni Isuzu rusumli yuk mashinasi A-378 Samarqand-G‘uzor yo‘lidan Samarqand viloyati tomonga harakatlanayotib, yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga piyodalar yo‘lakchasi orqali kesib o‘tayotgan voyaga yetmagan, Chiroqchi tumani «Xo‘jaobod» mahallasida yashovchi, 140-sonli umumta’lim maktabining 1-sinf o‘quvchisi, D.E.ni (2014 y.t.) urib yuborgan.

Oqibatda voyaga yetmagan D.E. og‘ir tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.

Shu sababli ayollar tuman rahbarlaridan «Qumdaryo» mahallasi hududidagi maktabning qurilishini tezlashtirishni talab qilib, yo‘lni to‘sib qo‘yishgan. Natijada A-378 avtomobil yo‘lida qisqa muddatga avtomashinalar harakatlanishi to‘xtab qolgan.

Chiroqchi tuman hokimligining qayd etishicha, «Istiqlol» qo‘rg‘onchasida 2021 yil Davlat dasturi asosida Chiroqchi tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarshli 99-sonli umumta’lim maktabi filialiga 176 o‘rinli yangi maktab qurilishi rejaga kiritilgan. Mazkur maktabning qurilishi 2021 yilning ikkinchi choragida belgilangan bo‘lib, hozirgi kunda buyurtmachi Qashqadaryo viloyati «Yagona injinering xizmati» tomonidan pudratchi tashkilotlar tanlovi o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

Keyinchalik Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati «Istiqlol» qo‘rg‘onchasida qurilishi rejalashtirilgan yangi maktab 1 sentyabr kuni foydalanishga topshiriladi, deya xabar berdi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev marhuma D. E.ning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, vaziyatni to‘liq nazoratga olganini hamda yangi maktab qurilishi avgust oyida yakunlanishini ma’lum qildi.