26 aprel kuni O‘zbekiston boks federatsiyasida o‘zbek bokschi qizlari orasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk sportchi Nigina O‘ktamovani taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tadbir davomida unga maxsus sovg‘a — Nexia-3 avtomobili hadya qilindi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati

«Ushbu ko‘rsatilgan e’tibordan benihoya xursandman. Bu mamlakatimizda sportga, hususan boksga qaratilayotgan katta e’tiborning samarasi. Biz yoshlarga ishonch bildirib, barcha sharoitlarni yaratib berayotganliklari uchun prezidentimizga, Turizm va sport vazirligiga, Milliy olimpiya qo‘mitasi va albatta O‘zbekiston boks federatsiyasiga minnatdorchiligimni bildiraman», — dedi Nigina O‘ktamova.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Polshaning Kelse shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionatining qizlar orasidagi final janglarida O‘zbekistondan ishtirok etgan Nigina O‘ktamova g‘olib bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.