27 apreldan Samarqand shahridagi barcha bog‘chalar va maktablar 14 kunlik karantinga yopiladi, deya ma’lum qildi Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Abdujabbor Po‘latov. Shu sababdan o‘quvchilarga ta’lim berish onlayn shaklga o‘tkaziladi.

Ma’lum qilinishicha, karantin choralari «maktablarida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish ko‘rsatkichi keyingi kunlarda bir necha barobar oshib borayotgani bois» qo‘llanmoqda.

«Muassasalarga kirib-chiquvchilar orasida karantin davrida koronavirusni yuqtirib olish holatlari kuzatilmasa ta’lim berish tizimi an’anaviy yo‘lga qo‘yiladi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxorodagi 11 ta umumta’lim maktabi 14 kunlik masofaviy ta’limga o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.