Qanot Sharq xususiy aviakompaniyasi dushanba kuni birinchi Airbus A320 yo‘lovchi samolyotini qabul qilib oldi. Laynerni kutib olish marosimida bosh vazir o‘rinbosari — turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Aviakompaniya 20 kundan keyin yana bir A320ni qabul qilib olishni rejalashtirmoqda, dedi Aziz Abduhakimov. Yil oxiriga qadar aviatashuvchi qo‘shimcha ravishda yana ikkita katta sig‘imga ega Airbus A320ga ega bo‘lishi lozim. Kompaniya istiqbolda o‘z aviaparkini uchta A320 va uchta A330 samolyotlari bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda.

“Aviakompaniya ham xalqaro, ham ichki qatnovlarni amalga oshiradi… Ularga „ochiq osmon“, beshinchi havo erkinligini berish rejalashtirilayotgan Samarqandda faoliyat yuritishni taklif qilmoqdamiz”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Fevralda Amerikaning Air Lease Corporation kompaniyasi iste’molda bo‘lgan ikkita A320−200 samolyotini O‘zbekistonning Qanot Sharq Airlines avikompaniyasiga uzoq muddatga ijaraga berayotganini e’lon qilgan edi.

Spot.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Qanot Sharq Airlines o‘zini O‘zbekistondagi birinchi xususiy aviakompaniya sifatida tanitmoqda. U O‘zbekistonning hududiy aeroportlaridan Istanbul, Anqara (Turkiya), Dubay (BAA), Jidda, Madina (Saudiya Arabistoni), Moskva, Sankt-Peterburg (Rossiya) va Olmaota (Qozog‘iston) kabi shaharlariga parvozlarni amalga oshiradi.