AQSH prezidenti Jo Bayden 1915 yilda Usmonli imperiyasida (zamonaviy Turkiya hududida) etnik armanlarga qarshi uyushtirilgan qirg‘inlarni genotsid deb tan oldi. U ushbu bayonotni 24 aprel kuni arman qirg‘ini qurbonlarini xotirlash kunida e’lon qildi.

Bu so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta AQSHning amaldagi prezidenti tomonidan armanlar genotsidining rasman tan olinishi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden Usmonli imperiyasida armanlarning qirg‘in qilinganini rasman tan olishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandik.

«Har yili shu kuni biz Usmonli imperiyasi davrida armanlarni qirg‘in qilinishi paytida halok bo‘lganlarni xotirlaymiz va yana bunday vahshiyliklar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da beramiz. 1915 yil 24 aprelda, Usmonli hukumati Konstantinopolda arman xalqining ziyoli vakillari va jamoat rahbarlarini hibsga olganidan beri, qirg‘in kampaniyasi doirasida bir yarim million armanlar deportatsiya qilingan, o‘ldirilgan yoki o‘limga hukm qilingan. Biz Meds Yeghern (arman tilida — „yirik shafqatsizlik“) qurbonlari xotirasini eslaymiz, qadrlaymiz, sodir bo‘lgan ushbu dahshatli voqea tarix tomonidan hech qachon unutilmaydi», — dedi Jo Bayden Oq uy saytida joylashtirilgan bayonotida. Bayonotda «genotsid» so‘zi ikki marta ishlatilgan.

AQSH rahbari, genotsiddan omon qolgan armanlarning aksariyati «dunyo bo‘ylab, shu jumladan AQSHda ham yangi uylar va yangi hayot izlashga majbur bo‘lganligini» ta’kidladi.

Jo Bayden prezidentlik saylovlaridan oldin armanlarning genotsidini tan olishga va’da bergan edi. Undan oldin Barak Obama buni qilishga va’da bergan, ammo oxir-oqibat uning ma’muriyati bu qadamni qo‘yishga jur’at etmagan edi, deya aniqlik kiritdi Politico.

The New York Times'ning xabar berishicha, Jo Bayden 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali suhbat chog‘ida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni arman genotsidini tan olish rejalari to‘g‘risida ogohlantirgan. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li, Turkiya AQSH tomonidan arman genotsidining tan olinishini butunlay rad etishini bildirdi.

«Biz o‘z o‘tmishimiz haqida hech kimdan o‘rganadigan narsamiz yo‘q. Siyosiy opportunizm — tinchlik va adolatning eng katta xiyonati, deb yozdi Mevlut Chavusho‘g‘li Twitter’da. «Biz ushbu faqat populizmga asoslangan bayonotni butunlay rad etamiz.»

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, o‘z navbatida, Oq Uy rahbariga xat yubordi, unda u AQSHga arman genotsidini rasman tan olgani va buni qoralagani uchun minnatdorchilik bildirdi hamda buni «xalqaro hamjamiyat uchun zarur bo‘lgan xabar» deb atadi.