Ijtimoiy tarmoqlarda yong‘in o‘chirish mashinalari tomonidan suv sepilayotgan jarayonlar aks etgan videolar keng tarqaldi. Videolavhalarda mashinalar yo‘l bo‘ylab yurib, odamlar ustiga ham sepilayotganligi ko‘ringan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu holat vazirlik tomonidan to‘liq nazoratga olinib, hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu vaziyat Andijon viloyati Marhamat hamda Surxondaryo viloyati Denov tumanlarida yuzaga kelganiligi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan hududlarda koronavirus infeksiyasining o‘chog‘i aniqlangan hamda virus tarqalishining oldini olish maqsadida, dezinfeksiya ishlari shoshilinch, tartibsiz holda amalga oshirilgan.

Hodisa yuzasidan o‘rganish yakunlari bo‘yicha tegishli xodimlarga intizomiy ta’zir choralari ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili karantin paytida, ko‘chalardagi piyodalarga maxsus transport vositalarida xlor aralashtirilgan suv eritmasi sepilgan holatlar ham kuzatilgan.