19−24 aprel kunlari AQSHning Missisipi shtatidagi «Camp Shelby» harbiy o‘quv bazasida o‘tkazilgan «Ilg‘or jangchi» musobaqasida O‘zbekistondan ikki harbiylar ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga xabar berdi.

Ishtirokchilar sun’iy to‘siqlarni yengib o‘tish, uzoq masofani bosib o‘tish, jang maydonida yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, tunda harbiy topografiyani bilish bo‘yicha musobaqalashdilar.

Tashkilotchilar tomonidan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar III darajali serjant Dilmurod Sulaymonov hamda kichik serjant Xayrulla Olimovga musobaqa g‘oliblari uchun beriladigan «Ilg‘or jangchi» mukofoti va ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

«Biz uchun an’anaga aylangan ushbu musobaqada o‘zbekistonlik hamkasblarimiz ikkkinchi marotaba ishtirok etishmoqda. Tan olib aytamanki, bu safar ham ular nafaqat jismoniy, balki jangovar va aqliy tayyorgarlik, qurol-aslahani bilishda ham yaqqol ustunlikka ega bo‘ldi. Bu esa bizning serjantlarimizni o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga undaydi», — dedi Missisipi shtati Milliy gvardiyasi serjantlar qo‘mondoni serjant-mayor Kristofor Yong.

Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqada ishtirok etgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019 yilda ham I o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

Video

Foto