Juma kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kunning birinchi yarmida xorij davlatlarining yangi tayinlangan elchilarini qabul qilgan bo‘lsa, tushdan keyin Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi hamda Toshkent shahridagi Texnoparkda ishga tushirilgan yangi korxonalarni borib ko‘rdi (video).

Kun yakunida esa davlat rahbari Yashnobod tumanidagi Parvoz mahallasida bolalar, yoshlar, oqsoqollar va faollar bilan suhbat qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.


Prezident Bangladesh, Chexiya, Misr, Iordaniya, Turkiya va Rossiya elchilari hamda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbaridan ishonch yorliqlarini qabul qilgan.


Shavkat Mirziyoyev elchilarni qutlab, so‘zlagan nutqida Turkiy kengashning Istanbuldagi navbatdagi yig‘ilishi va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning O‘zbekistonga rasmiy taшрифига tayyorgarlik ko‘rilayotganini ta’kidlagan.


Shundan so‘ng, prezident qabulida diplomatik missiyasini yakunlayotgan Tojikiston elchisi Sodiq Imomiy bo‘lgan. Davlat rahbari ikki tomonlama munosabatlarning bugungi yuksak darajasiga erishishdagi katta xizmatlari va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun elchini O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlagan.

Boshqaruv markazi.

«Elektron hisoblagichlar o‘rnatish oson… Eng qiyini endi boshlanadi».

Tushdan o‘tgach, Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bir nechta ob’ektlarni borib ko‘rdi. Ulardan birinchisi — «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi bo‘ldi.


Loyiha qiymati 20 mln dollarga teng bo‘lib, Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi bilan hamkorlikda bunyod etilgan va o‘tgan yilning avgustidan o‘z faoliyatini boshlagan. Bu yerda respublikadagi barcha elektron hisoblagichlar yagona tizim orqali boshqariladi.

Markazdagi serverlar.

«Gazeta.uz» muxbiri ma’lum qilishicha, hozirga qadar rejadagi 7 mln 400 mingta hisoblagich almashtirilishi lozim bo‘lsa, shundan 6 mln 578 mingtasi (89 foizi) o‘rniga ASKUE hisoblagichlari o‘rnatilgan. Ularning esa 4 mln 127 mingtasi (63 foizi) billing tizimiga ulangan va ushbu iste’molchilar bilan hisob-kitoblar avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda.


Dastlabki bosqichda markazga o‘rnatilgan serverlar va dasturiy ta’minot 8 mln iste’molchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Markaz rahbariyatining ta’kidlashicha, serverga zaruriy uskunalar olib kelinishi bilan ushbu ko‘rsatkichni 20 mlnga yetkazish mumkin.


«Elektron hisoblagichlar o‘rnatish oson, bu birinchi qadam. Eng qiyini endi boshlanadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Hududlarda, uzoq qishloqlarda hisoblagichlarni ekspluatatsiya qiladigan professionallar yetarlimi? Ikkinchidan, tizim tashqi ta’sirlarga qay darajada chidamli? Uchinchidan, keyinchalik tarmoq eskirishi tufayli yuzaga keladigan holatlar hisob-kitob qilinganmi? Shularni hozirdan o‘ylash kerak. Tushumlarning ma’lum bir foizini ilmga, modernizatsiyaga yo‘naltirish zarur».

Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi direktori Ravshan Mirsalixov.

Markaz direktori Ravshan Mirsalixovning aytishicha, elektron hisoblagichlar may oyi oxiriga qadar mamlakatdagi barcha xonadonlarga kirib boradi. ASKUE esa yil davomida podstansiyalar o‘rnatilgach, billing tizimiga bosqichma-bosqich ulanadi. U shuningdek, faoliyat davomida aniqlanayotgan muammo va kamchiliklar birin-ketin hal qilinayotganini ham qayd etgan. Bu borada «Gazeta.uz»da tez orada alohida reportaj e’lon qilinadi.

Keyingi manzil — Toshkent shahridagi Texnopark.


Bu yerda o‘tgan yili jami 365 mln dollardan ortiq 17 ta loyihaning 6 tasi yo‘lga qo‘yilgan edi. Yil boshidan beri yana 4 ta korxonada sinov tariqasida ishlab chiqarish boshlab yuborildi:

  • Furnitura va aksessuarlar loyihasi — qiymati 20 mln dollar. Korxonada 450 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, eshik va romlar uchun yiliga 6 mln dona furnitura va aksessuar ishlab chiqariladi.
  • Yana bir loyiha — 5 xil modifikatsiyadagi panelli isitish radiatorlari ishlab chiqarish korxonasi. Uning qiymati 19 mln dollardan ortiq. Bu yerda 250 kishi ish bilan ta’minlangan, quvvati yiliga 640 ming dona.
  • Alyumin kompozit panellar korxonasi — unda yiliga 432 ming dona mahsulot ishlab chiqariladi va 80 ta ish o‘rni yaratilgan.
  • Metall konstruksiyalar zavodi — 29 mln dollarlik loyiha evaziga 350 kishi ishga ega bo‘lgan. Unda 3 xil sendvich panellar hamda 2 turdagi qora va yengil metall konstruksiyalar ishlab chiqariladi.


Yangi ishga tushayotgan korxonalarda mahalliylashtirish darajasi 35−40 foizni tashkil etadi. Davlat rahbari korxona negizida tashkil etilgan laboratoriya faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Bu yerda mahsulotlar sifat nazoratidan o‘tkaziladi.


Korxonalarni ko‘zdan kechirar ekan prezident: «Bu korxonalarning, albatta, iqtisodiy ahamiyati katta. Lekin meni ko‘proq quvontiradigani yoshlarimizning malakasi, ishonchi. Hozirgi yoshlar o‘qigan paytlarda bunaqa stanoklar yo‘q edi. Shu ishlarni 15 yil oldin boshlaganimizda bolalarimizning bilimi, saviyasi bugun umuman boshqacha bo‘lardi», — deya ta’kidladi.



«Toshkent namuna bo‘lishi kerak» — Shavkat Mirziyoyev Parvoz mahallasiga bordi.

Dastlab, prezident Yashnobod tumani hokimi, huquq tartibot idoralari xodimlari bilan suhbatlashdi.


«Ikki odamni, ayolni rozi qilgan, ikki nafar fuqaroni ishga joylashtirgan, 10 nafarini davolagan bo‘lsanglar, men sizlardan minnatdorman. Lekin shu tizimli bo‘lishi uchun nima qilish kerak… Tarbiya ham, adashgan ham, nuroniyimiz, kasalimiz, jinoyatchimiz ham shu yerda. Davlatga ishonch qachon bo‘ladi, mahallada o‘zgarish bo‘lsa. To‘g‘ri, katta binolar, zavodlar qurayapmiz, u boshqa narsa. Mahallada o‘zgarish bo‘lsa, bu mutlaqo boshqa narsa… Toshkent namuna bo‘lishi kerak», — dedi davlat rahbari.

Milliy gvardiya lentenanti Mannonova Zulfiya.

U shuningdek, jinoyatning asosiy qismi uyushmagan yoshlarga to‘g‘ri kelishi va bunga sabab ular bilan muloqot qilinmasligida ekanini ta’kidladi.

«Jinoyatni kim qiladi? 60 foizi uyushmagan yoshlar qilayapti-ku. Biz u bilan gaplashmaymiz. Nima uchun jinoyat yo‘liga kirayapti? Ishi, o‘qishi, e’tibori, ma’anaviyati, ta’limi yo‘q, sport bilan shug‘ullanmaydi. Hech kim uni o‘qishi bilan shug‘ullanmaydi. Mahallaning ichida juda katta muammolar mujassam… Axborot texnologiya bor, nazorat bor jinoyatni oldini olsa bo‘ladi-ku… Menga Toshkentda jinoyat jilovlandi degan gap kerak», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.


Prezident ushbu mahallada Uy-joy mulkdorlari shirkati o‘rniga joriy etilgan Shinam uy-joy boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Bu tajribani boshqa mahallalarda ham joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.



Mutasaddilarga poytaxtdagi barcha 524 ta mahallani Parvoz mahallasidek obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Buning uchun har biri mahallaga mablag‘ ajratib, loyiha, smeta-hujjatlarini tasdiqlash zarurligi aytildi.

Shu yerda nuroniylar, jamoatchilik vakillari, oqsoqollar va mahalla faollari bilan suhbat bo‘ldi.


«Ulug‘ ayyom kunlarda sizlar bilan ko‘rishganimdan xursandman. Mehr ko‘zda degandek, yoshlar, nuroniylar bilan gaplashsam o‘zimga kuch, katta rejalar olaman. Odamlarning har bir gapi menga mas’uliyat bag‘ishlaydi. Xalqimizni rozi qilsak, inshoolloh, ajri ham bo‘ladi», — dedi prezident.