«Gazeta.uz» nashri «Xorijdagi o‘zbekistonlik talabalar» loyihasini boshlamoqda. Mazkur loyiha doirasida chet el universitetlarida ta’lim olgan yoki o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan suhbat uyushtiriladi. Bunda ularning chet eldagi hayoti, nega xorijiy ta’limni tanlaganligi, ularning boshidan o‘tgan sinovlar haqida so‘z boradi. Loyihaning dastlabki mehmoni — Shahnoza Abdireymova.

Shahnoza Abdireymova 1998 yili Nukus shahrida tug‘ilgan. U Nukus shahridagi «Progress» maktabining ta’lim va taraqqiyot markazida tahsil olgan. O‘rta ma’lumotni QDU (Qoraqalpog‘iston davlat universiteti — tahr.) qoshidagi 1-sonli akademik litseyda olgan.

Shahnoza Abdireymova 3 yildan beri o‘quvchilarni xalqaro testlarga (IELTS, SAT, GRE) tayyorlaydi. Epidemiologik vaziyatga qaramay, chet ellik talabalarga (Rossiya, Xitoy) ZOOM platformasi orqali dars beradi. Hozirda Shahnoza Nukusda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Loyihalar fabrikasida amaliyot o‘tamoqda

— Yoshligingizdan to xorijga ketguningizga qadar bo‘lgan davr haqida gapirib bersangiz…

— Bolaligimdan meni faqat onam tarbiyalagan. Maktab yillarida men Osiyo madaniyatiga, xususan, koreys tiliga katta qiziqish bilan qarardim. Xodimlar yetishmasligi tufayli, o‘sha yillari bizning shaharda koreys tili o‘qituvchisini topish qiyin edi. Maktab kutubxonasidan kitoblarni olib, o‘zim mustaqil o‘rganishim kerak edi.

9-sinfni bitirib, Toshkentda, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida ta’limni davom ettirmoqchi edim, lekin bu amalga oshmaydigan reja edi. Onamda saraton kasalligi aniqlandi, u bilan Nukusda qolishga qaror qildim. Shundan so‘ng QDU qoshidagi (Qoraqalpog‘iston davlat universiteti — tahr.) akademik litseyga o‘qishga kirdim. Oilamni boqish uchun o‘quv kurslarida dars berishni boshladim. Hozirda bir necha nafar o‘quvchilarim xorijda tahsil olishmoqda.

— Nega O‘zbekistondagi Oliy ta’lim muassasini emas, xorijdagi oliygohni tanladingiz?

— Maktab va litseyda o‘qiganda qator shahar va respublika olimpiadalarida qatnashib, bir necha bor byurokratiya va korrupsiya muammolariga duch kelganman. Hakamlar komissiyasidagi o‘qituvchilarning saviyasi ham yuqori emas edi. Masalan, ingliz tili fanidan olimpiadada imtihonni tekshiruvchi ko‘p so‘zlarning tarjimasini bilmaganligi sababli menga past baho qo‘ygan. Buni turli hududlardan mustaqil hakamlar brigadasini tuzib hal qilsa bo‘lardi.

Bundan tashqari, mening ko‘p rejalarim litsey ma’muriyatining to‘siqlari tufayli amalga oshmagan. Litseyda o‘qigan paytimda mening YPEER, UNFPA, GIZ, UARZ kabi xalqaro tashkilotlarda ko‘ngilli bo‘lishimga qarshi bo‘lishgan.

Shunday qilib, yuqoridagi sabablar natijasida O‘zbekistonda o‘qishni davom ettirish istagi yo‘qoldi.

Maktabdagi orzuyimga ergashib, Janubiy Koreyadagi UNIST universiteti biznes menejmenti fakultetiga hujjat topshirishga qaror qildim. Ikki yil ichida 4 marotaba rad javobini olganimdan so‘ng, keyingi semestrda yana topshirmoqchi edim. Afsuski, o‘shanda onam vafot etdi va men yolg‘iz qoldim. Janubiy Koreyada o‘qishni yakka o‘zim eplay olmasligim aniq edi.

«Dunyoning eng yaxshi universitetlari» ro‘yxatida Rossiya universitetlarini ko‘p ko‘rardim, shuning uchun Rossiya Federatsiyasidagi universitetlarga hujjat topshirishga qaror qildim. Turli xil ta’lim dasturlari orqali kirish imtihonlarini topshirdim va bir vaqtning o‘zida grant asosida Rossiya Federatsiyasining 7 ta universitetiga (HSE, MGIMO, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Plexanov moliya universiteti va boshqalar) o‘qishga kirdim.

Men bakalavrda o‘qish uchun Iqtisodiyot oliy maktabini tanladim. Birinchi sabab ta’lim tizimi. Siz ta’lim yo‘nalishingizni o‘zingiz tanlab, faqat o‘zingizga kerakli bilimlarni olishingiz mumkin. Keraksiz mavzular, ular uchun majburiy testlar yo‘q.

Ikkinchi sabab — talabalarga bo‘lgan munosabat. Talaba bu yerda asosiy shaxs hisoblanadi. Imtihonlardan oldin har safar talabalar o‘quv jarayoniga baho berishadi. Natijada, ma’lum bir fan yoki o‘qituvchi o‘rtacha darajadan pastroq baho olgan bo‘lsa, u holda u keyingi o‘quv yiliga dars berishdan chetlatiladi.

Foto: Shahnoza Abdireymovaning shaxsiy arxividan

— Xorijga ketishdan avval siz uchun eng katta motivatsiya nima edi?

— Ketishdan oldin asosiy motivatsiya xalqaro tajribaga ega professorlardan sifatli bilim olish edi. Iqtisodiyot oliy maktabi (IOM) ilmiy tadqiqot muassasasi bo‘lganligi sababli talabalar va o‘qituvchilar universitet hayotining ko‘p qismini iqtisodiy tadqiqotlar bilan o‘tkazadi. Moskvaga jo‘nab ketishdan oldin, IOM professorlari qaysi iqtisodiy segmentlar bo‘yicha tadqiqot qilishini batafsil o‘rganishga qaror qildim va ularga meni qiziqtirgan bir nechta savollarni yubordim. Ertasi kuni savollarimga batafsil javob olganimdan so‘ng, men kurs ishim ustida qaysi professor bilan ishlashni xohlayotganimni va tadqiqot mavzusi qanday bo‘lishini tushundim.

— Xorijga kelgandan keyin o‘sha motivatsiya hali ham bormidi?

— Yillar davomida sifatli ta’lim olish motivatsiyasi yo‘qolmadi, aksincha yanada kuchayib bordi. Xalqaro moliya bozorlarini o‘rganish uchun Yevropada magistraturada o‘qishni davom ettirish motivatsiyasi paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda o‘ziga xos «Wall Street»ni yaratish niyatim bor.

— Xorijda bo‘lgan paytingizda dunyoqarashingiz qay darajada o‘zgardi?

— O‘z madaniyatingizni qabul qilish oson, ammo boshqa mamlakatdagi hayot menga o‘z ona madaniyatimga boshqa tomondan qarashga va o‘z qarashlarimni kengaytirishga yordam berdi. Tug‘ilishimdanoq meni qamrab olgan qoida va tamoyillarga amal qilishni to‘xtatdim va nima bo‘layotganini tahlil qila boshladim.

Foto: Shahnoza Abdireymovaning shaxsiy arxividan

— Instagramdagi suratlaringizda o‘zinigizni samolyotdan parashyutda tashlaganligingiz, qorli tog‘larda yurganingiz aks etgan suratlarni ko‘rdik. Bu qo‘rqinchli emasmi?

— Parashyut yordamida «zaharni zahar bilan kesish» niyatim bor edi. O‘z hayotingizni hech qanday qo‘llab-quvvatlashlarsiz qurganingizda, siz juda ko‘p bosim va stressni boshdan kechirasiz. Men maktabda yoki ishda muvaffaqiyatsiz bo‘lishimdan juda qo‘rqardim. Yaxshiyamki, hamma narsa muvaffaqiyatli kechdi, ammo tashvishlarim tugamadi, men hali ham imkoniyatim yo‘qligidan, dosh berolmasligimdan va raqobatni yengolmasligimdan qo‘rqardim. Yangilanish, miyamni bo‘shatish va kamida bir necha daqiqa nafasimni rostlash uchun biror narsa topishim kerak edi. Shuning uchun, meni o‘ylantirayotgan narsalardan ham kattaroq stressni boshdan kechirishga qaror qildim va parashyutdan sakradim.

Foto: Shahnoza Abdireymovaning shaxsiy arxividan

— Xorijga borganingizdan keyin qiyinchiliklar bo‘ldimi? Eng katta qiyinchilik nima edi?

— Yangi muhit va qiyin sharoitlar. Birinchidan, ko‘chish men uchun qiyin kechdi, chunki yangi mamlakatda butunlay yolg‘iz edim, u yerda do‘stlarim va hatto tanishlarim yo‘q, yangi hayot qoidalariga bo‘ysunishim va hamma narsani yolg‘iz o‘zlashtirishim kerak edi. Ikkinchidan, IOMda o‘qish juda qiyin. Siz intizomni saqlashingiz, materialni tezda o‘zlashtirishingiz, darslarni qoldirmasligingiz va oraliq imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishingiz kerak. Doimiy bosimga dosh berolmaydigan har bir kishi o‘qishdan haydaladi, shuning uchun bu yerda vaqtni shunchaki behuda va ko‘ngilxushlik bilan o‘tkazib bo‘lmaydi.

— U yerdagi o‘qish, ta’lim tizimi qanday? O‘qishda qiyinchiliklar bo‘ladimi?

— IOMda o‘qish qiyin, qiyin deb ham bo‘lmaydi, juda talabchan. Bizda yiliga 4 ta imtihon o‘tkaziladi. Bu qo‘rqinchli tuyulishi mumkin bo‘lsa-da, o‘qituvchilar uchun ham, talabalar uchun ham qulayroq tizim. Har bir sessiyada biz bir nechta fanlarni yopamiz. IOMning qulay jadvali o‘qish vaqtida ishlashga (stajirovka) imkon beradi. Fan bo‘yicha yakuniy baho asosan imtihonga bog‘liq emas, ya’ni imtihon yakuniy bahoning 20 foizini, seminarlardagi faollik esa 50 foizni tashkil qilishi mumkin. Ushbu tizimning yaxshi tomoni shundaki, u sizga dam olishga imkon bermaydi.

— Xorijga kelganingizdan so‘ng narsalaringizni yig‘ishtirib, ertaga O‘zbekistonga qaytaman deydigan holatlar bo‘lganmi?

— Meni O‘zbekistonda hech narsa ushlab turmas edi, shuning uchun qanday qiyinchiliklarga duch kelgan bo‘lmasam ham, yagona to‘g‘ri yo‘l bu muammoni hal qilish edi.

Foto: Shahnoza Abdireymovaning shaxsiy arxividan

— Xorijga ketishingizga oilangizdagilar qanday qarashdi?

— Onamga ota-onasi hatto Toshkentda ham universitetda o‘qishga ruxsat berishmagan. Ular onamning bizning shaharda, Nukusda o‘qishini xohlashgan. Kirish imtihonlari paytida bobom Toshkentga sanatoriyga borgan. Onam, fursatdan foydalanib, otasini ko‘rish bahonasida hujjatlarini olib, Toshkentga yo‘l olgan. Kirish imtihonlarini topshirib, universitetga o‘qishga kirgan. Oiladagi yagona farzand bo‘lishimga qaramay, onam shunday qiyinchiliklarga duch kelganligi sababli meni hamma ishlarimda qo‘llab-quvvatlagan va chet elda o‘qishimga qarshi bo‘lmagan.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday? O‘zbekistonga qaytasizmi?

— Avval bakalavrni tugatgandan so‘ng boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tish rejalari bor edi, chunki meni hech narsa O‘zbekistonda ushlab turgani yo‘q. Bu yil pandemiya sababli masofadan turib o‘qishga majbur bo‘ldim, shuning uchun Nukusda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldim. Amaliyot davomida biz rivojlanishimiz va o‘sishimiz kerakligini angladim. Ta’lim tizimiga juda ko‘p o‘zgarishlar kiritish kerak, chunki qolgan barcha sohalarning rivojlanishi ta’limga bog‘liq.

O‘zimga savol berdim: «Biz bo‘lmasak, kim?» Avvalo, ta’lim dasturidagi majburiy fanlar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish kerak. O‘quvchiga vatanparvarlik tuyg‘usini singdirishga qaratilgan fanlarni o‘quv dasturidan chiqarib tashlash kerak, chunki bu tuyg‘ularni kitobdagi matn orqali singdirishga harakat qilishdan foyda yo‘q. Buni unga ijtimoiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va shaxs sifatida uning huquqlarini himoya qilish orqali amalga oshirish yaxshiroqdir.

Ikkinchidan, o‘qituvchi va talabalarning huquqlarini tenglashtirish zarur. Talabalar o‘qigan kurslari haqida o‘z fikrlarini bildirishlari kerak, o‘qituvchilar esa o‘z mavzulari bo‘yicha konstruktiv tanqid va o‘z fanlariga yangilik kiritishga tayyor bo‘lishlari kerak. Uchinchidan, talabalar tanqidiy fikrlashni, ma’lum bir masala bo‘yicha o‘z fikrlarini asoslash va bahslashish qobiliyatini rivojlantirishlari kerak. Shu yo‘l orqali bizning ta’lim tizimimiz asta-sekin bo‘lsa ham oldinga qadam tashlaydi.

Foto: Shahnoza Abdireymovaning shaxsiy arxividan

— Ayni vaqtda O‘zbekistondagi tengdoshlaringiz, kichik yoshdagilar va umuman xorijga o‘qishga ketmoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

— Har qanday mamlakatning kelajagi ko‘p jihatdan yoshlarning intellektual salohiyatiga bog‘liq. Mustaqil ta’lim bilan shug‘ullaning, har qanday imkoniyatdan foydalaning va birinchi muvaffaqiyatsizlikdan keyin taslim bo‘lmang. Ilm-fan bilan shug‘ullaning, chunki mamlakatimizda ko‘plab sohalarni yaxshilash biz bilan sizning qo‘limizda.

Qisqa savol-javoblar:

— Nimadan afsuslanasiz?

— Onam bilan yetarlicha vaqt o‘tkazmaganimdan afsusdaman. Har yil men yana va yana, eng yaqin odamlar bilan muloqot qilish qanchalik muhim ekanligini tushunaman.

— Xorijda nima sizni tushkunlikka tushirib qo‘ygan edi?

— Ob-havo. O‘zbekistonda yashab, buni sezmasdim, lekin Moskvada yiliga quyosh nurini bir-ikki martagina ko‘rishning o‘zi bayram.

— Agar 10 yil ortga qaytish mumkin bo‘lganda qaysi xatoyingizni takrorlamas edingiz?

— Qanday bo‘lgan bo‘lsa hammasini shunday qoldirardim. Axir, o‘tmishda qilgan o‘sha xatolarimdan men ma’lum saboqlarni oldim.

— 5 yildan so‘ng Shahnoza Abdireymova o‘zini qayerda va qanday holatda ko‘radi?

— Bizning fond birjamizda broker sifatida.

— Agar tilla baliq tutib olsangiz undan O‘zbekiston uchun nima so‘ragan bo‘lar edingiz?

— 1. Barqaror milliy valyuta. 2. Yuqori likvidli rivojlangan fond bozori. 3. Ko‘proq yosh professional kadrlar.

Og‘abek Samisov suhbatlashdi.