23 apreldan 24 aprelga o‘tar kechasi Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida BAA futbol klubi «Sharja»ga qarshi to‘p surdi.

Birinchi bo‘limda Derdiyok, Hojimat Erkinov va Xojiakbar Alijonovning zarbalaridan so‘ng «Sharja» posboni mahorat ko‘rsatdi. Dragan Cheran va Diyor Xolmatovning zarbalariga esa aniqlik yetishmadi. Ikkinchi bo‘limda Xojiakbar Alijonovning uzatmasidan so‘ng Derdiyok yaqin masofadan darvozani ishg‘ol qildi. 87-daqiqada «Sharja» hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa mazkur bahsda «Paxtakor» durang bilan kifoyalandi.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida «Paxtakor» bosh murabbiyi Piter Xyuistra quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

«O‘yinni vaqtliroq tugatishimiz kerak edi. Juda ko‘plab vaziyatlar yaratdik, o‘yinni to‘liq nazorat qildik. Ko‘proq gol ursak bo‘lardi. Golni esa yon qanot hakamining tushunarsiz tarzda bayrog‘ini ko‘targanidan so‘ng o‘tkazdik. Futbolchilar o‘sha holatda to‘xtab qolishdi. 70% to‘pni nazorat qilib bir ochkoni qo‘lga kiritish juda alamli», — dedi Xyuistra.

Ma’lumot uchun, guruhda 4-turdan keyin «Sharja» 8 ochko bilan peshqadamlikni saqlab turgan bo‘lsa, «Paxtakor» 3 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun Olmaliqning AGMK jamoasi OCHLdagi 4-tur bahsini BAAning «Shabab Al Ahli» klubiga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bahs Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.