21 aprel kuni Yaponiya televideniyasida o‘zbekistonlik talaba Eldor O‘rinboyevning cho‘kib ketayotgan yaponiyalik o‘smirga yordam bergani haqidagi yangilik namoyish etildi.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Yoshinori Fujiyama butun O‘zbekiston xalqiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi, deb xabar bermoqda diplomatik missiya matbuot xizmati.

«Men, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida, O‘rinboyevga o‘z hayotini havf ostiga qo‘ya turib Ginovan shahrining dengizida cho‘kib ketayotgan yapon o‘smirini qutqargani uchun chuqur minnatdorchiligimni izhor etaman», — dedi elchi.

«Hozirda O‘rinboyev Yaponiyaning eng janubiy qismida joylashgan Okinava prefekturasida tahsil oladi. O‘zi ham dengizga birinchi marta tushganiga qaramay, bor kuchi bilan suzib borib odam qutqargan ushbu o‘zbek o‘smirining jasurligi va vijdonliligi uchun yana bir bor samimiy minnatdorchiligimni izhor etishga ijozat bering», — dedi Yoshinori Fujiyama.

Foto: news24.jp.

Nippon NewsNetwork`ning lavhalaridan bir guruh yoshlar «pirs» va qirg‘oqda turganini, ular kuchli to‘lqin sababli sohilgacha suzib bora olmayotgan o‘smirga qo‘l silkiyotganini ko‘rish mumkin. Eldor O‘rinboyev esa suvga sakrab, o‘smirni suvdan tortib chiqarishga urinadi, unga sohilda turgan ikki nafar boshqa yigitlar ham yordam beradi.

U televideniyaga bergan intervyusi juda og‘ir bo‘lganini aytdi: «Oson deb o‘ylagandim, suvga tushganimdan keyin o‘zimga qutqaruvchi kerak bo‘lib qoladi, degan hayollar ha bo‘ldi».

Yaponiya elchisi ushbu mamlakatda cho‘kayotgan insonga yordam berishga urinayotgan shaxsning o‘zi bilan baxtsiz hodisa ro‘y bergan holatlar ko‘plab uchrashini qayd etdi.

«Garchi, O‘rinboyev tutgan yo‘l dengizga umrida birinchi marta tushgan inson hayoti uchun havfli bo‘lsada, uning ushbu hatti-harakati juda qadrli va ahamiyatlidir», — deya ta’kidlashdi elchixonada.