23 aprel kuni O‘zbekiston qahramoni, senator Xasan Normurodov 82 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi O‘zA.

U uzoq yillar xalq ta’limi tizimida ishlagan, keyinchalik «Nuroniy» jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi, so‘nggi yillarda esa Samarqand viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari sifatida ishlagan.

2019 yilda prezident farmoniga ko‘ra Xasan Normurodov «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan edi.

Aprel oyi o‘rtalarida Xasan Normurodovning Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialida davolanayotgani xabar qilingan edi. Hududga tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev uni borib ko‘rgandi.

24 aprel kuni Senatning 14 yalpi majlisida yuqori palata raisi Tanzila Narbayeva jamoat faolining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

«Hasan Norbekovich uzoq yillar jamiyat va davlat hayotining turli yo‘nalishlarida halol mehnat qilib, el-yurt hurmatini qozongan fidoyi va jonkuyar inson edi», — deya ta’kidladi Tanzila Narbayeva.