O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida o‘quv yili oxirigacha masofaviy ta’limda davom ettiriladi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, darslar onlayn shaklda davom etadi va hozirda yotoqxonada turadigan talabalarga 24 apreldan uyga ketishga ruxsat beriladi.

«Demak, hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda bakalavriat, sirtqi ta’lim shaklida tahsil oladigan barcha talabalar, qolaversa, magistraturada tahsil olayotgan 1-kurs talabalari (2-kurs, magistraturani tamomlayotgan talabalardan tashqari) o‘qishni onlayn davom ettirishga kelishildi. Hozirda aniqlangan ’afrikancha’ shtamm oddiy Covid-19`dan ko‘ra ancha xavfli hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda sizning salomatligingiz biz uchun hamma narsadan ustun va muhimroq.

O‘quv jarayoni o‘quv bo‘limi tomonidan nazorat qilib boriladi", — deyiladi xabarda.

Avvalroq, O‘zJOKU 12 apreldan boshlab 2 haftaga karantinga yopilgandi. Universitetning 7 nafar talabasida koronavirus aniqlanib, ushbu talabalar Zangiotadagi shifoxonaga olib ketilgan edi.