Bugun va dam olish kunlarida O‘zbekiston hududiga Eron hududlaridan iliq va quruq havo kirib kelishi boshlanadi, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Juma kuni respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida havo ochiq bo‘lishi kutilmoqda, haroratning kunduzgi maksimumi 23−25 darajani, ba’zi joylarda 8−30 darajagachani tashkil etadi.

24 aprel kuni O‘zbekiston hududining katta qismida havo bulutli bo‘ladi. Yomg‘ir kutilmaydi va harorat deyarli o‘zgarmaydi.

Yakshanba kuni respublika hududining katta qismida havo kam bulutli bo‘ladi. Kunduz kungi harorat 27 darajaga, janubda va cho‘l hududlarida 30 darajaga yetadi.

Sinoptiklarning ta’kidlashicha, eng iliq yillarda ushbu kunlardagi havo harorati 32−35 daraja, janubda 36−38 daraja bo‘lgan.

Shuningdek, O‘zgidromet Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida 2200 m dan yuqorida qor ko‘chishi xavfi saqlanib qolmoqda, deya ogohlantirdi.