Oliy Majlis Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Nariman Umarovning ma’lum qilishicha, 2020 yilda O‘zbekistonda umumiy jinoyatchilik 34,7 foizga ko‘paygan.

Shuningdek, yillik hisobotga ko‘ra, 2020 yilda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 49 foizga, qasddan odam o‘ldirish 13,1 foizga, qasddan og‘ir shikast yetkazish 13 foizga, nomusga tegish 27,7 foizga, talonchilik 43,1 foizga, bosqinchilik 18,5 foizga, tovlamachilik 35,5 foizga, o‘g‘rilik 52 foizga ko‘paygan.

Respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan jami 62 081 ta jinoyatning 41 087 tasi yoki 66 foizi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar toifasiga kiradi.

2020 yilda respublika bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan 9 790 nafar shaxsdan 6 761 nafari yoki 75 foizi ushlanmagan.

Shu bilan birga, o‘tgan yili voyaga yetmaganlar tomonidan 1 134 ta jinoyat sodir etilgan va 526 nafar voyaga yetmaganlar o‘z joniga qasd yoki suiqasd qilgan.