Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini 24 soat ishlashiga ruxsat berish kerakligini ta’kidladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Xizmat ko‘rsatishda eng muhim masala — bu manzilni to‘g‘ri tanlash», — degan prezident.

Davlat rahbari tuman va shahar sektor rahbarlari har bir mahallada zamonaviy va yengil konstruksiyali «xizmatlar markazi»ni tashkil etishi zarurligi aytdi.

Shuningdek, 28 ta shahar va aholisi 150 mingdan ko‘p 110 ta tuman markazida aholini o‘ziga «jalb qiladigan» savdo va xizmatlar uchun maxsus ko‘chalar tashkil etish va shu orqali kamida 100 mingta tadbirkorlik sub’ektlarini joylashtirish imkoni mavjud.

«Botir Zokirov viloyat hokimlari bilan birga, bir oy muddatda tuman va shaharlar markazlarida savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chalar va markazlarning joyini tanlab, loyihasini ishlab chiqsin va lotlarga bo‘lib, tanlov asosida savdoga chiqarsin», — dedi prezident.

Davlat rahbari respublika bo‘yicha savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini 24 soat ishlashiga ruxsat berish kerakligini qo‘shimcha qildi.

«Shu bilan birga, ushbu savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini, odamlarga halaqit bermaydigan qilib, kunu-tun (24 soat) ishlashiga ruxsat berish kerak. Viloyat hokimlari ichki ishlar va Milliy gvardiya boshqarmalari boshliqlari, Bobojonov (ichki ishlar vazirip — tahr.) va Jo‘rayev (Milliy Gvardiya qo‘mondoni — tahr.) bilan birga, ushbu tartibni joriy qilish va ijrosini nazorat qilishga shaxsan mas’ul bo‘ladi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Viloyat hokimlari mustaqillikning 30 yilligi bayramiga qadar viloyat markazlari va shaharlarda 3−4 ta, poytaxtning esa 10 ta ko‘chalarini aholi gavjum, zamonaviy savdo va xizmatlar markaziga aylantirishi shartligi aytildi.

«Umuman olganda, oliy ta’lim va tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar bir joyga klaster usulida joylashsa, xizmatlar sifati ham, tushumi ham oshadi», — dedi davlat rahbari.

Ikki oy muddatda viloyat markazlari va yirik shaharlardagi ko‘p tarmoqli shifoxonalar, tibbiyot oliygohlari hududi yoki uning atrofida xususiy sheriklik asosida tibbiyot klasterlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni tanlov asosida boshlash to‘g‘risida topshiriq berildi.

«Xuddi shu kabi, Musayev (bosh vazir o‘rinbosari — tahr.), Toshqulov (oliy ta’lim vaziri — tahr.) viloyat hokimlari rektorlar bilan birga, ikki oy muddatda har bir oliygoh hududida xorijiy tillar va kasbga o‘rgatish, tayyorlov kurslarini tashkil etish bo‘yicha xususiy sektor ishtirokida kamida 10 tadan loyihalarni boshlasin», dedi prezident.