Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni «Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va yuritishlari uchun Yoshlar sanoat zonalari hududida ishlab chiqarish maydonlari taqdim etish orqali ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, «startaplar» tashkil etish maqsadida biznes-inkubator vazifalarini amalga oshirish, shuningdek, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashish kabilar yoshlar sanoat zonalarining asosiy maqsadlari etib belgilandi.

1 sentyabrgacha ilk 77 ta yoshlar sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Yoshlar loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qaytarmaslik sharti bilan 100 million AQSH dollari ajratiladi. Shuningdek, boshqa manbalardan ham mablag‘lar jalb etiladi.

Yoshlar sanoat zonalariga joylashtirish uchun investitsiya loyihalari tuman (shahar) hokimlari rahbarligida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan tanlab olinadi. Yoshlar sanoat zonalari hududida maydoni 1000 m² gacha bo‘lgan yer uchastkalari, istisno tariqasida, elektron auksion savdosi o‘tkazmasdan, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarori bilan ajratiladi.

Patent asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ta’minlovchi startap-investitsiya loyihalari, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan investitsiya loyihalari, shuningdek, import o‘rnini bosadigan va eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda yaratiladigan yangi ish o‘rinlarining kamida 70 foizi yoshlar uchun mo‘ljallangan, shu jumladan, bandligi ta’minlanmagan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni ish bilan ta’minlash nazarda tutilgan investitsiya loyihalari Yoshlar sanoat zonalari hududida joylashtirilishida ustuvorlikka ega bo‘ladi.