O‘zbekiston prezidenti 20 aprel kuni “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Hujjatda yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularni doimiy ish bilan ta’minlashning yangi tartiblari joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, 1 maydan boshlab 2023 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi. Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.

Bundan tashqari, 1 maydan “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan subsidiya ajratiladi.

Xuddi shu kundan “Yoshlar daftari"ga kiritilgan ishsiz yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga davlat mulkini ijaraga olishda ijara to‘lovlaridan imtiyozlar taqdim etiladi.

1 iyundan boshlab “Yoshlar daftari"ga kiritilgan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha bo‘lgan miqdori “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga ular ishlab-chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish korxonalarida amaliyot o‘tagan vaqtida, biroq olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda professional ta’lim tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida har oylik subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, 1 iyundan boshlab AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATB tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan) xaridlari uchun BHMning 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratiladi. Bunda, iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlari Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan kompensatsiya qilinadi.

“Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq umumiy hisobda BHMning 5 baravarigacha bo‘lgan miqdori hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlari Yoshlar ishlari agentligiga Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan kompensatsiya qilinadi.

“Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari hamda “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarning haydovchilik kurslarida o‘qish xarajatlari BHMning 4 baravari miqdorigacha va safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Xususiy korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilingan hamda faoliyat boshlaganiga olti oydan oshmagan “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning BHMning 4 baravarigacha bo‘lgan qismi mazkur xususiy korxona va tashkilotlarga Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan kompensatsiya qilinadi.

1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, qolgan hududlarda — bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravaridan oshmasligi lozim. Ижара to‘lovining qoplab beriladigan qismi birinchi navbatda ehtiyojmand oila farzandlariga, o‘rnak ko‘rsatgan va faol talabalar uchun qoplab beriladi. Oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ijara huquqi asosida yashaydigan boshqa talabalarga ham oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab berilishi mumkin.

“Xalq banki” hududlarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularni biznesga tayyorlash, maslahat berish va bandligini ta’minlash maqsadida “Yuz ming tadbirkor xotin-qizlar” loyihasini amalga oshiradi.

Loyiha doirasida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, ixtisoslashuvi va boshqa xususiyatlarini inobatga olib, qiymati 33 million so‘mgacha bo‘lgan tayyor biznes-rejalar banki yaratiladi. O‘ttiz yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, mos yo‘nalishlar bo‘yicha (oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik va boshqalar) malakali mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari va o‘quv treninglar tashkil etiladi.

Yoshlar ishlari agentligida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Unga Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari huzuridagi korxona, muassasa va tashkilotlar ixtiyorida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin qoladigan sof foydaning bir qismi ajratiladi.

2021 yilda mazkur farmonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Yoshlar ishlari agentligiga Davlat byudjetidan qo‘shimcha ravishda 100 milliard so‘m ajratiladi.

1 maydan boshlab dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni sektor, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan patronajga olish tizimi joriy qilinadi. Bunda, sektor, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan “ustoz-shogird” tamoyili asosida yoshlarga ajratilgan yer uchastkalarini o‘zlashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, yerlar hosildorligini oshirish, yetishtirilgan mahsulotni realizatsiya qilish va boshqa masalalarda yordam ko‘rsatiladi.

Shuningdek, “Yoshlar daftari"ga kiritilgan dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari” jamg‘armalari hisobidan urug‘liklar va ko‘chatlarni xarid qilish uchun BHMning 8 baravari miqdorigacha subsidiya ajratiladi.

1 iyundan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalariga 10 tagacha mahalla fuqarolar yig‘inlari biriktiriladi va davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan biriktirilgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashaydigan uyushmagan yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirish,
shu jumladan, ularni xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport, madaniyat va kitobxonlik to‘garaklariga jalb qilish choralari ko‘riladi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq filiallari tashkil etilib, markazlarda zamonaviy to‘garaklarni ochish, ularni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlash, malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sport zallari va maydonlarida to‘garaklar ochish hamda yozgi ta’til davrida yoshlar o‘rtasida mahallalar, sektorlar va tumanlar miqyosida sport hamda harbiy vatanparvarlik musobaqalarini tashkil etish choralari ko‘riladi.

2021 yil yakuniga qadar Qashqadaryo viloyatida eksperiment tariqasida madaniyat va san’at sohasi vakillari hamda musiqa fani o‘qituvchilariga quyidagilarni nazarda tutgan holda uy sharoitida yoshlar uchun musiqa to‘garaklarini tashkil etishga ruxsat berildi. Ushbu to‘garaklarni tashkil etgan shaxslar madaniyat markazlari tomonidan nota, musiqaga oid adabiyotlar bilan ta’minlanadi hamda ularga tashkiliy va uslubiy jihatdan yordam ko‘rsatiladi. To‘garaklarda ta’lim olganlik uchun to‘lov mahalliy byudjet mablag‘lari va o‘quvchilar tomonidan to‘lanadi. Bunda, to‘garaklar tashkil etgan shaxslarning ish haqi to‘lovlari madaniyat markazlari uchun belgilangan miqdorlardagi badal to‘lovlari va yetmagan qismida mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan to‘lab beriladi.