Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmatining xabar berishicha, xonanda Jasur Umirovga nisbatan to‘plangan hujjatlar bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilgan xodimlar harakatiga baho berildi.

Avvalroq Jasur Umirov ishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan tergovchining harakatlari prokuratura tomonidan o‘rganilayotgani haqida xabar qilingandi.

Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan IIB tergovchisining xatti-harakatlari ustidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, tergovchi dalillarni soxtalashtirmagani, ko‘rsatuvlarni o‘zgacha tarzda qayd etmagani, tergovga qadar tekshiruv harakatlarida ishtirokchilarning ko‘rsatuvlarini o‘zlarining so‘zlaridan yozib olgani aniqlangani sababli, unga nisbatan JPKning 83-moddasi 2-bandiga (gumon qilinuvchi, ayblanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa, aybsiz deb topilishi va reabilitatsiya etilishi) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Shunga qaramay, ushbu holat bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilish uchun dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli tergovchiga nisbatan viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘i bilan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Holat bo‘yicha idoraviy nazoratni yetarli darajada ta’minlamagan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB TB boshlig‘iga «hayfsan», tuman IIB boshlig‘iga esa «tanbeh» intizomiy jazosi qo‘llanilgan. Shuningdek, viloyat IIB TB boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimdan ozod qilinganligi bilan chegaralanilgan.

Jasur Umirov va boshqalarga oid jinoyat ishi tomonlarning shikoyati asosida Samarqand viloyat sudi tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, hukm o‘z kuchida qoldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Jasur Umirov voyaga yetmagan litsey o‘quvchisini zo‘rlaganligi to‘g‘risida sentyabrda xabarlar tarqalgan, 9 dekabrda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, xonanda 21 dekabrda qamoqqa olingan edi. 2 fevralda xonanda 5 yilga qamaldi.