Ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari xizmatlar bozorini jadal rivojlantirish uchun talab etiladigan moliyaviy resurslar haqida gapirdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, xizmatlar sohasi uchun banklar tomonidan joriy yilda kamida 18 trln so‘m kreditlar yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, davlat tomonidan tijorat banklari orqali qo‘shimcha 300 mln dollar, shundan 1 iyulgacha 150 mln dollar ajratiladi.

Birinchi bosqichda hududlarga ajratiladigan mablag‘lar:

  • Samarqandga — 160 mlrd so‘m;
  • Toshkent shahri, Andijon, Qashqadaryo va Farg‘onaga — 150 mlrd so‘mdan;
  • Namangan va Surxondaryoga — 125 mlrd so‘mdan;
  • Buxoro — 90 mlrd so‘m;
  • Jizzax — 85 mlrd so‘m;
  • Qoraqalpog‘iston va Xorazmga — 75 mlrd so‘m;
  • Sirdaryoga — 60 mlrd so‘m;
  • Navoiyga — 55 mlrd so‘m ajratiladi.

Bu mablag‘lar barcha tuman va banklar kesimida taqsimlandi va buni barcha hokimlar olgan.

«Viloyat, tuman, shahar hokimlari tijorat banklari bilan birga, ajratilgan mablag‘ yoniga yana shuncha miqdorda resurs topishlari, ya’ni bu ishlarni „ellikka — ellik“ tamoyili asosida tashkil etishlari shart va zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Viloyat, tuman, shahar hokimlari, sektor rahbarlari, mahallaga iqtisodiy kompleksdan biriktirilgan mas’ullar bilan birga, «mahalla — tuman — bank» prinsipi asosida loyihalar ro‘yxatini shakllantiradi.

Bunda, Qo‘chqorov (bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri) va Mirsoatovga (Milliy banki boshqaruvi raisi) tashkil etiladigan loyihalarda har bir mahallada bo‘lishi shart bo‘lgan kamida 20 ta turdagi, tuman va shaharda kamida 70 ta turdagi xizmatlar ro‘yxatini asos qilib olishlari shartligi uqtirildi.

Vazirlar Mahkamasi (Abdulla Aripov) bir oy muddatda mahalla, tuman va shaharlarda ushbu zaruriy xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha, alohida Hukumat qarorini qabul qilib, ijrosini nazoratga olishi kerakligi aytildi.

«Viloyat rahbarlarining e’tiborini alohida qaratmoqchiman, tuman va shaharlarning mablag‘lardan samarali foydalanishiga qarab, 1 sentyabrdan keyingi 150 mln dollarni ajratamiz», — dedi prezident.

Bundan tashqari, Mirsoatov 28 ta yirik va o‘rta shaharlarda turizm, transport, tibbiyot, ta’lim ob’ektlari, yirik savdo komplekslarini tashkil etish uchun, shu yilning o‘zida qo‘shimcha 200 mln dollar mablag‘ jalb qilishi aytildi.

«Byudjetdan va banklar tomonidan qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘ jami 500 mln dollar yoki 5,5 trln so‘mni tashkil etadi», — dedi prezident.

Milliy bank raisi Alisher Mirsoatov namunaviy loyihalar ishlab chiqilishini, biroq tizimda kadrlar yetishmovchiligi muammosi borligini aytdi.

«Shakllantiriladigan loyihalarning TEOlarini, hisob-kitoblarini aniq qilib yaratamiz. Lekin, oldimizda kadr yetishmovchiligi masalasi bor. Ikkita yo‘nalishda kadr tayyorlashni maqsad qilayapmiz. Birinchisi, o‘zimizni o‘quv markazimizda kadrlarni o‘qitish, ikkinchisi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kollejlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz», — dedi Mirsoatov.

Davlat rahbari uning taklifini qo‘llab-quvvatladi.