Bloger Shahnoza Soatova Toshkentdagi maktablardan birida dars payti bolalarning oyoq kiyimini yechtirib, paypog‘ini kalta yoki uzunligini tekshirilgani va mazkur holatga esa LGBTga qarshi kurash deb tushuntirish berilgani haqida xabar bergan edi.

Xalq ta’limi vazirligi mazkur holatni to‘liq o‘rganib, voqea bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

«Afsuski, ba’zi ota-onalar farzandining tarbiyasi bilan shug‘ullanish o‘rniga uni ortiqcha erkalatib, o‘qituvchi va maktabni ayblab, ayniqsa bugun o‘zi yetarli bo‘lmagan erkak o‘qituvchilarni ishiga xalal berishni afzal ko‘rmoqda. Bloger tomonidan shov-shuv qilib ko‘tarilgan va tizim imijiga juda salbiy ta’sir qilgan 110-maktabdagi holat o‘rganildi, — deya vazirlik videolavhani taqdim etgan.

Xabarda aytilishicha, videotasvirdagi holat 110-umumta’lim maktabining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi hamda direktor o‘rinbosari o‘quvchining telefon o‘ynab o‘tirganini hamda o‘qituvchiga nisbatan hurmatsizlikni ko‘rib, sinfga kirishga majbur bo‘lgan vaqtida yuz bergan. Telefon bilan bog‘liq holat muhokamasidan so‘ng, o‘quvchilarning o‘zlarini darsda tutishlari, o‘qituvchiga hurmat, darsga e’tibor qilish, jismoniy tarbiya kiyimida darsda o‘tirmaslik kabi masalalar ko‘tarilgan.

XTV ta’kidlashicha, videotasvirni diqqat bilan kuzatilsa, o‘qituvchi tomonidan dars so‘nggigacha muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzu (LGBT) haqida so‘z bormagan. Mazkur mavzu esa tanaffusga qo‘ng‘iroq chalinganidan so‘ng o‘qituvchi tomonidan o‘quvchi qizning nega bunday kiyimga e’tibor qilayapsizlar degan mazmundagi savoliga javob tarzidagi shaxsiy fikri sifatida aytilganligi ma’lum bo‘ldi, deb yozadi vazirlik.

Videoda direktor o‘rinbosari o‘quvchilarning biri paypoq kiymaganligiga e’tibor qaratganini ko‘rish mumkin. Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi unga murojaat qilib, savol beradi:

«Nima uchun paypoqsiz? Bizda nima, LGBTmi? Oliy Majlis maktablarimizda paypoqsiz yurishni taqiqlagan. Paypoq yo‘q, ko‘rmayapman». Shundan so‘ng, o‘quvchidan oyoq qiyimini yechish so‘ralgan. O‘quvchi kalta paypoq kiyganligini ko‘rib, «bu paypoq emas» deya ta’kidlagan. Direktor o‘rinbosari o‘quvchining ota-onasini chaqirishini aytgan. Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi o‘quvchiga «ertadan „normalnыy“ paypoq kiy. Oliy Majlis bu masala bilan shug‘ullanayapti», deydi. «Biz Toshkentda LGBT bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz», deydi o‘qituvchi.

Direktor o‘rinbosari o‘g‘il bola o‘quvchilarga murojaat qilib: «Agarda noski kiymay, mana shunaqa noski kiygin, qo‘pol aytganda, kallangni uzib qo‘yaman hammangni», deydi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, bu holat bloger aytganidek 20 daqiqa emas, 9 daqiqa davom etgan.

«O‘zbek tili darsi buzildi deb jar solayotgan o‘zbek tili himoyachisi, o‘quvchilarning o‘zbek tili o‘qituvchisini va darsni qanchalik behurmat qilayotganini ham ushbu videodan xolis o‘rganib, ota-onalarni ham o‘z farzandlari tarbiyasiga e’tiborliroq bo‘lishga chaqirishini istab qolardik», — deyiladi xabarda.

Vazirlik xabariga asosan, o‘quvchilarning xatti-harakatlari tufayli 2 nafar erkak o‘qituvchi biroz qizishib gapirgan va direktor o‘rinbosari kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirilgan.