Buxoro viloyatidagi 11 ta umumta’lim maktabi masofaviy ta’limga o‘tkazildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Buxoro viloyatida xalq ta’limi tizimi xodimlarining 6 nafarida, maktab o‘quvchilarining esa 26 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

«Kasallik tarqalishining oldini olish va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida hozirda ular faoliyat yuritayotgan va tahsil olayotgan 11 ta umumta’lim maktabida an’anaviy tarzdagi faoliyat to‘xtatildi», — deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafayeva.

Boshqarmasi boshlig‘ining ma’lum qilishicha, maktablar 14 kunlik onlayn rejimga o‘tkazilgan, hamda tibbiyot xodimlari tomonidan o‘quvchilar hamda maktab xodimlarining tana haroratlari kontaktsiz pirometr yordamida o‘lchangan holda «tonggi filtrlash» bo‘yicha maxsus punktdan o‘tkazilib, kunlik ma’lumotlarni qayd etib borilmoqda.

Xabar berilishicha, viloyatdagi ta’lim muassasalariga 76 tonna antiseptik, viloyat hokimligi tomonidan 50 ming dona, mahalliy budjet hisobidan 29 ming 772 dona tibbiy niqob, 3 ming 566 dona dozator va 1 ming 173 dona pirometr yetkazib berilgan.

Umumta’lim maktablarida kasallik kelib chiqishining oldini olish maqsadida viloyatdagi umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 37 ming 468 nafar o‘qituvchi va ishchi xodimlarga 292 ming 992 dona gidroksixloroxin tabletkasi hamda 1 mln 98 ming 720 dona Sink mikroelementi mavjud dori vositalari tarqatildi. Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi tomonidan 1−4 sinf o‘quvchilari uchun 2 ming Strongium Sink biologik aktiv qo‘shimchasi berildi.

Shuningdek, prezident qaroriga ko‘ra, viloyatdagi umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 28 ming 575 nafar pedagog grippga qarshi emlandi.