22−23 aprel kunlari poytaxtda Huquq 4.0. To‘rtinchi sanoat inqilobi sharoitida huquqning ko‘rinishi mavzusida «Tashkent Law Spring» II xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Uning birinchi kunida Singapur, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Ozaybayjon, Belarus, Shri-Lanka va boshqa davlatlarning adliya vazirlari, huquqiy soha yetakchilari, xalqaro takshilotlar va yuridik firmalar yetakchilari qatnashdi.

Ular qatorida nutq so‘zlagan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazining direktori Akmal Saidov yangi O‘zbekistonda ilgari nomi aytilmagan tashkilotlarga tegishli qonunlar ham ishlab chiqilganini ta’kidladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Yangi O‘zbekiston faoliyatining yangi huquqiy asoslari yaratila boshlandi. Hozir u to‘g‘risida maxsus normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan birorta davlat organi yo‘q. Oldin umuman aytib bo‘lmaydigan qonunlar doirasida ham masalan, DXX to‘g‘risida bo‘ladimi, IIV to‘g‘risida bo‘ladimi barcha organlar to‘g‘risida hozir mustahkam huquqiy asoslar yaratildi va bu davom etayapti», — dedi u.

Quyi palata spikerining o‘rinbosari ayni vaqt mamlakatda yana 12 ta yangi kodeks ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

«Napoleon vaqtida 5 tagina klassik kodeks bo‘lgan. O‘zbekistonda 18 ta kodeks qabul qilingan va hozir 12 ta yangi kodeksni ishlab chiqish ustida ishlar ketmoqda. Demak bizda haqiqatan ham yangi huquqiy siyosat shakllandi. Aytish mumkinki, hozirgi kunda huquqiy gilotina degan fenomen namoyon bo‘ldi. Gilotina — so‘zi ana shuni kashf etgan insonning ismi bilan bog‘liq. Biz esa huquqiy gilotina haqida gapiryapmiz. Jamiyatning taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan, keraksiz normativ-huquqiy hujjatlar amalda halaqit bermasin deb, ularni kesib tashlayapmiz. Chunki qonunlar jamiyatni taraqqiyotiga xizmat qilishi kerak», — dedi Saidov.


U shuningdek, davlat rahbari yuridik ta’limga alohida e’tibor qaratayotganini qo‘shimcha qildi.

«2015 yil O‘zbekistonda (OTMga — tahr.) qabul qilingan talabalarning faqatgina 1 foizi yuristlar bo‘libdi. O‘sha vaqtda maktab bitiruvchilarining 9 foizigina oliy o‘quv yurtlariga kira olgan. Hozir bu raqamni 25 foizga, yuristlarni tayyorlashni ham oshirdik. So‘nggi uch yilda 4ta hududda (mavjud OTMlarda — tahr.) yuridik fakultet ochildi», — dedi milliy markaz rahbari.

Akmal Saidovning ta’kidlashicha, «yuridik bilim va kadrsiz hech qanday taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi».

Avvalroq, ushbu xalqaro forumda O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov karantinga olingani sababli onlayn ishtirok etgani hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga doir bir qancha takliflarni ilgari surgani haqida yozgan edik.

Uning ta’kidlashicha, «hozir ham raqamlashtirishga qarshi yashirin qarshiliklar yo‘q emas». Bu birinchi navbatda eskicha ishlashga o‘rgangan ayrim mansabdorlar va tashkilotlarga taalluqli.

Qolaversa, adliya vaziri: «amaldorlarning ko‘chmas mulklari va mashinalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqlanishi kerak», — deya qo‘shimcha qilgan edi.