Toshkentda ichki ishlar organlari xodimlarining formasini kiyib makulatura to‘plab yurgan erkak va ayol ushlandi, deya xabar bermoqda IIBB axborot xizmati.

Unga ko‘ra, 20 aprel kuni soat 15:30 da 102 raqamiga fuqaro Sh. A. qo‘ng‘iroq qilib, ichki ishlar organlari xodimlarining formasini kiyib olgan erkak va ayol makulatura to‘plab yurganlari haqida xabar bergan.

Yakkasaroy tumani IIO FMB xodimlari voqea joyiga yetib borib, 45 yoshli U.X va muqaddam talonchilik va o‘g‘rilik uchun ikki marta sudlangan 36 yoshli N.S ni qo‘lga olgan.

Ma’lum qilinishicha, xodimlarga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan mazkur shaxslar haqiqatdan ham ichki ishlar organlarining xizmat kiyimini kiyib olishgan. Huquqbuzarlar Yakkasaroy tumani IIO FMB 2-son Ichki ishlar bo‘limiga olib kelinib tekshirilganda ularning yonida ikkita pichoq borligi aniqlangan.

Yakkasaroy tumani IIO FMB U.X va N.S larga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185−3-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi), 194-moddasi 1-qismi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 209−1-moddasi (vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish) alomatlari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Yakkasaroy tumani sudi U.X va N.S larni qayd etilgan huquqbuzarliklarni sodir etishda aybdor deb topdi va ularning har biriga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.