8 apreldan boshlab Toshkent shahri ko‘chalarida reklama qurilmalarini ommaviy buzib tashlash ishlari olib borilmoqda. “Gazeta.uz"ning ko‘cha reklamalari sohasidagi manbasining ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqt davomida 300ga yaqin bilbordlar demontaj qilingan.

Shahar hokimiyati vakillari tashqi reklama ob’ektlarini o‘rnatishga moratoriy e’lon qilingan kunning ertasidanoq bilbordlarni buzishni boshladi. Moratoriy 31 dekabrga qadar amal qilishi va tashqi reklama ob’ektlarida (konstruksiyalarida) joylashgan reklamaga taalluqli emasligi aytilgan edi.

Biroq “Gazeta.uz” bilan suhbatda tadbirkorlar moratoriy e’lon qilinishidan oldin va qonuniy asoslar bilan o‘rnatilgan konstruksiyalar ham demontaj qilinayotganligini aytishmoqda. Tahririyat ularning bir nechtasi hamda Reklama industriyasi miliy assotsiatsiyasi bilan gaplashdi.

“Og‘zaki topshiriq”


YATT Saidumarova L.G.ning vakili bo‘lmish Ambient Media Group kompaniyasning marketing bo‘yicha direktori Liliya Fayziyeva demontaj ishlari ogohlantirishlarsiz boshlanganini aytadi.

“[Xalq deputatlari shahar kengashining] moratoriy haqidagi qarori chiqishi bilanoq 8 apreldan shunday holatlar boshlanib ketdi, demontaj uchun kelishganda, ichki ishlar organlari ham turishgandi. Lekin ularning hammasi ijrochi. Hech kim bizni ogohlantirmadi. Bizni ogohlantirishganda, biz hozir bunday harakat qilmagan bo‘lardik. Shunchaki kelishdi va [bilbordlarni] olib tashlashdi”, — deydi u.


U kompaniyasining uchta konstruksiyasini hech qanday asoslarsiz buzib tashlashganini aytmoqda.

“Buzib tashlash vaqtida ular hech qanday hujjat ko‘rsatishmaydi. Men Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan uchrashuvda bor edim. Albatta, u bunaqa topshiriqlar bermaganligini aytdi. Biz kelib konstruksiyalarni buzib tashlashayotganligini aytsak, u ichki ishlar organlariga murojaat qilishimizni aytdi. Lekin demontaj ishlari og‘zaki topshiriq asosida ketyapti-ku”, — deya ta’kidlaydi tadbirkor.


Uning aytishicha, konstruksiyalarning pasporti bo‘lishiga qaramasdan, ular buzib tashlangan.

“Biz, konstruksiyalari buzib tashlangan agentliklar bozorda 20 yildan beri faoliyat yuritamiz. Barcha kompaniyalarning pasporti bor, ya’ni biz konstruksiyalarni qo‘yganda barcha xizmatlar safarbar qilingan — bu PXX (Prezident xavfsizlik xizmati — tahr.), arxitektura va boshqalar. Barchasi qoidalar bo‘yicha”, — deydi Liliya Fayziyeva.

YATT vakili 2018 yilning dekabrida sohani tartibga solgan va konstruksiyalarning qonuniyligini tekshirgan “Toshkent Reklama-Servis” DUK yopilganligini eslatdi. Keyin shunga o‘xshash boshqa organlar tuzish bo‘yicha harakatlar bo‘lgan (“Tasviriy oyina”, “Poytaxt reklama servis” DUK), lekin bular amalga oshmagan. Sobiq xodimlar o‘z yo‘li bilan bo‘lib ketgan.


Liliya Fayziyevaning ta’kidlashicha, ikki yil davomida regulyator yo‘qligi sababli shaharda “tartibsizlik” boshlandi va shahar qiyofasini buzgan ko‘plab noqonuniy ravishda o‘rnatilgan konstruksiyalar paydo bo‘lgan.

“2020 yilda karantin e’lon qilinganidan so‘ng xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha harakatlar boshlandi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va hokimiyat bizning konstruksiyalarimiz VMQ №104ga („Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida“ 20 fevral 2020 yil — tahr.) mos kelmaydi deb hattoki ustimizdan sudga ham murojaat qilishgan edi. Lekin biz sudlarda yutib chiqdik. Bizda hammasi joyidaligi haqida akt tuzdik, konstruksilarimizni tartibga keltirdik. Shu bilan barchasi tugadi, lekin hammasini tozalash va faqat keraklilarini qoldirish bo‘yicha aniq va yaxshi xatlov o‘tkazish bo‘yicha ishlar qilinmadi. Ya’ni xatlov tanlab o‘tkazilgan”, — deya tushuntiradi u.

“Yuqoridan topshiriq”


Anonim tarzda javob bergan boshqa bir tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, reklama konstruksiyalarining demontaji “yuqoridan kelgan topshiriq” bilan boshlangan.

“Barchasi 8 aprel kuni boshlandi. Avval „prezident trassasi“ bo‘ylab barchasini olib tashlashdi. Tadbirkorlar yetib kelishdi, lekin hech narsa qila olishmadi, chunki u yerda tuman hokimi, prokuror, Milliy gvardiya xodimlari va bitta avtozak turgandi. Shundan keyin har kechasi konstruksiyalarni buzishadi. Ular hukumatning 104-sonli qaroriga asoslanishlarini aytishadi, lekin u yerda demontaj sud qarori bilan amalga oshirilishi aytilgan. Men shaxsan Mirobod tumani hokimiyati vakili bilan gaplashdim, u „Biz hech narsa qila olmaymiz, biz soldatlarmiz, bizga yuqoridan topshiriq bo‘lgan“ dedi. Biz huquqiy davlatda yashayapmizku, qandaydir qog‘oz bo‘lishi kerak-ku”, — deydi u.


Biznesmen yangi pasport olish bilan muammolarga to‘xtaldi. Reklama joylarining pasportlarini uzaytirish uchun to‘lov qilish kerak, lekin hokimiyatlar tadbirkorlar bilan shartnoma imzolashdan bosh tortishmoqda.

“Hukumatning 104-sonli qarorida tashqi reklama ob’ektlari egalariga 10 yillik muddatga (undan oldin ular muddatsiz edi) yangi pasport berilganidan keyingina shartnomalarning to‘lovi amalga oshirilishi mumkinligi aytilgan. Eski qarorda Toshkentda uchta reklama zonasi borligi aytilgan edi, yangisida bunday zonalar beshta. Eski pasportda bu zonalar o‘zgargan bo‘lishi mumkin, shuning uchun avval xatlov o‘tkazish, keyin “Yagona darcha"ga hujjatlarni topshirish masalasi turgan edi va tadbirkorlar yangi pasport olishlari kerak edi. Lekin karantin sababli hech narsa amalga oshmadi — deyarli hech kim ishlamadi, hamma uyda edi”, — deydi u.


Tadbirkorning qayd etishicha, hozir deyarli barcha tashqi reklama ob’ektlari egalarining qo‘lida eski hujjatlar.

“Ularning ko‘pi hokimiyatlarga yozgan edi: „Bizga shartnoma beringlar, biz to‘laymiz“, deb. Hokimiyatlar rad javobini berishdi, chunki bizda yangi tartib va yangi pasportlar yo‘q. Hokimiyat shartnoma berishi mumkin bo‘lgan yangi tizim yo‘q, demak biz to‘lovni amalga oshirolmaymiz”, — dedi u.

“Sud orqali emas, „bespredel“ orqali”


Humo Media direktori Saveliy Sokolov ham konstruksiyalarning demontaji 8 aprel kuni kechqurun ogohlantirishlarsiz boshlanganligi haqida xabar berdi.

“Sud qarori, hokim qarori, hukumat qarori — bularning birortasi yo‘q, hech qanday qog‘oz yo‘q. [Demontaj ishlarini] hokimiyat xodimlari olib bordi, hokim o‘rinbosari Sardor Abdullayev boshid turdi. Shuningdek, hokimiyatning uy-joy kommunal xo‘jaligi xodimlari nazoratga yordam berishmoqda. „Toshissiqenergo“, shahar suv kanali, shahar gaz, FVV, hamda tumanlar obodonlashtirish boshqarmalarining texnikalari ishlatilmoqda”, — deydi u.


Tadbirkorning aytishicha, shahar hokimiyati vakillari demontaj qilish uchun aniq asos keltira olayotganliklari yo‘q:

“Birinchidan, ular jim o‘tirishibdi. Ikkinchidan, gapirishsa ham, faqatgina „Biz faqat ijrochilarmiz, bizga yuqoridan aytishdi“, deyishadi. Ba’zida ular go‘yoki ekran o‘rnatilishi nazarda tutilgan 104-sonli VMQ borligini aytishadi. Xo‘p, shunaqa bo‘lgan taqdirda ham, bu qarorda demontaj ishlari sud qaroridan keyin olib borilishi kerakligi aniq aytilgan. Hech qanday sud esa bo‘lgani yo‘q”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Humo Media kompaniyasining beshta konstruksiyasi reklama pasportlari va boshqa hujjatlar borligiga qaramasdan buzib tashlangan. U ham 2020 yil noyab oyidan beri hokimiyatdan shartnoma ololmayotganligini aytadi.

Saveliy Sokolovning ma’lum qilishiga ko‘ra, o‘rtacha reklama konstruksiyasini o‘rnatish 13 mln so‘m turadi, 3×6 m razmerdagi LED-ekran — 12 ming dollar atrofida. U kompaniyasiga bevosita zararni 60 mln so‘mga, bilvosita zararni esa yo‘qotilgan foyda hisobiga 20 mln so‘m atrofida baholadi.


“Hozir biz reklama beruvchilar bilan qo‘shimcha kelishuvlar qilyapmiz va pullarni qaytarishni boshlayapmiz, va byudjetga to‘langan soliqlarni ham qaytib olamiz, chunki ular to‘langan edi, endi esa bularning barchasini chiqaryapmiz”, — dedi tadbirkor.

Humo Media rahbari “Toshkent Reklama-Servis” tugatilganidan so‘ng tadbirkorlar har bir hokimiyatda alohida shartnoma olishni boshlaganliklarini eslatdi.


“Biz azoblandik, yugurishni boshladik. Bu davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yengillashtirishga zid narsa. 2020 yil 1 apreldan esa hech kim bizga shartnoma bermadi… Vazirlar mahkamasining 104-sonli qarorni to‘liqligicha ijro qilishmayapti. Birinchidan, reviziya bo‘lib o‘tishi kerak edi, undan keyin yangi pasportlar berilishi kerak edi, ushbu pasportlar bo‘yicha biz o‘zgarishlar qilishimiz, faqatgina undan keyin LED-ekranlar qo‘yishimiz kerak edi. Ular esa hozir bizga „sizlar ekran qo‘ymagansizlar, shuning uchun buzib tashlaymiz“ deb aytyapti”, — deydi u.

Saveliy Sokolovning ta’kidlashicha, yangi pasportlarni berish va ularning turlari bo‘yicha mexanizmi bor “Yagona darcha” reglamenti hozirgacha ishlab chiqilmagan.

“Bularning barchasi to‘xtab qoldi. Bu qarorning faqat repressiv funksiyalari bajarilayapti, o‘sha ham qonun buzilishlar bilan. Ya’ni, bu sud orqali qilinishi kerak, ular esa buni „bespredel“ yo‘li bilan qilyapti”, — deydi tadbirkor.

“Qonuniy yo‘ldan borish mumkin-ku”


Reklama industriyasi milliy assotsiatsiyasi (RIMA) ijrochi direktori Olga Edgardning aytishicha, hozirgacha shahar hokimiyati tomonidan reklama konstruksiyalarini demontaj qilish ishlari bo‘yicha izoh berilgani yo‘q.

“Demontaj faqat sud qarori bilan amalga oshirilishi mumkin. Ikkinchidan, demontajdan oldin huquqni o‘rnatuvchi hujjatlarni bekor qilish kerak. Demontaj tushuntirilishi kerak-ku. Agar bu noqonuniy ob’ekt bo‘lsa, unda tushunarli. Qonuniy ob’ektlarni buzib tashlashgani esa ko‘plab savollarni keltirib chiqaradi”, — deya ta’kidlaydi u.

RIMA vakili Vazirlar mahkamasining qarorida tashqri reklama ob’ektlari bo‘yicha barcha talablar va taqiqlovchi omillar yozilganligini aytadi.

“Shuning uchun ham xatlov o‘tkazish kerakligi yozilgan. Xatlov natijasida har bitta reklama ob’ekti bo‘yicha aniq xulosa berishlari kerak edi. Agar reklama ob’ekti barcha normativlarga mos kelsa, unda bu yangi pasport berish va huquq o‘rnatuvchi hujjatlarni uzaytirish uchun asos bo‘ladi. Agar mos kelmasa, u yerda nima uchun mos kelmasligi yozilishi kerak. Agar u yerda o‘rnatilishi mumkin bo‘lmasa, deylik u yerda madaniy meros zonasi yoki yo‘lni ayirish chizig‘i, unda ob’ektni demontaj qilish mumkin. Lekin bularning barchasiga hujjat bo‘lishi kerak. Tadbirkorlar bunday hujjat olishmadi”, — deb tushuntiradi Olga Edgard.

Uning so‘zlariga ko‘ra, moratoriy kiritilishidan oldin ko‘plab tadbirkorlar hokimiyat bilan sudda yutib chiqqan, chunki ob’ektlarning xatlovi sifatsiz amalga oshirilgan.

Shuningdek, Olga Edgardning ta’kidlashicha, tashqi reklama ob’ektlarini joylashtirish, o‘rnatish, o‘zgartirish va pasportlarining berilishiga moratoriy davomida shahar hokimiyati barcha hujjatlarni, pasportlarni mavjud reyestr bilan mosligini tekshirishlari, pasportlarning elektron reyestrini yaratishlari, keyin esa barcha tashqi reklama ob’ektlarining xatlovini o‘tkazishi kerak edi.


“Faqat pasportlari borlarni emas, noqonuniylarni ham… Lekin nima uchundin bu amalga oshmadi. Biz barchasini yozib chiqdik, hokimiyat bilan xatlov o‘tkazish tartibi ustida uzoq ishladik. Va bugundan hokimiyat reklama joylarining pasportlarini tekshirishni va elektron reyestrni shakllantirishni boshladi”, — deydi u.

RIMA ijrochi direktori bozor ishtirokchilari “shaharda tartib o‘rnatish kerakligi bilan bahslashayotgani yo‘qligini” aytadi.

“Haqiqatda ko‘p masalalar bor, lekin buni qonuniy yo‘l bilan qilish mumkin. Qonunga bo‘ysunuvchi, soliqlarni to‘lovchi, normativlar bo‘yicha ishlovchi tadbirkorlarni hurmat qilish va ularning manfaatlarini hisobga olish to‘g‘ri deb o‘ylayman”, — dedi u.


Olga Edgardning aytishicha, hukumat qarori bilan Toshkent hokimiyatining reklama sohasidagi ishchi organi sifatida poytaxtning qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi “Arxitektura-rejalashtirish byurosi” DUK belgilangan.

“Uni belgilashdi, lekin shtat ham, moliyalashtirish ham belgilangani yo‘q. Ishchi organ belgilandi-da, lekin u yerda kim ishlaydi va qaysi mablag‘ga ishlaydi, belgilanmadi. Shuning uchun u to‘g‘ri ishlay olmaydi”, — deydi u.

Uning taxminiga ko‘ra, Toshkentda tashqi reklama sohasida 400ga yaqin tadbirkorlar va agentliklar faoliyat yuritadi. Lekin bu taxminiy raqamlar, chunki ishchi organ ishlamayapti va shuning uchun ham pasportlar va ob’ektlar tekshiruvi o‘tkazilyapti.

“Biz mutlaq normal qonuniy biznesni talab qilamiz”


Gelikon Media Group reklama agentligi ta’sischilaridan biri Igor Kuchmar ham demontaj ishlari ogohlantirishsiz amalga oshirilganini aytadi.

“Konstruksiyalarni saqlab qolishni yoki bizga nisbatan alohida munosabat qilishni emas, biz mutlaqo normal qonuniy biznesni talab qilayapmiz. Biz tushunamiz, vaqt o‘tyapti, nimadir qilib bo‘lsa ham birinchi zonadagi — shaharning markaziy ko‘chalaridagi konstruksiyalar sonini qisqartirish kerak… Biz hokimiyat bilan dialogga tayyormiz”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi reklama bozorida anchadan beri ishlaydigan kompaniyalar sohani qonuniylashtirishdan manfaatdor.

“Biz soliq to‘laymiz. Men oyiga 30 mln so‘mlik QQS to‘layman. Bizda daromadga soliq bor. Undan tashqari, biz to‘lovlarni to‘lashga, hokimiyat litsenziyasiga tayyormiz. Muammo shundaki, 2019 yil tashqi reklama faoliyatini tartibga soluvchi „Toshkent Reklama-Servis“ tashkiloti tugatildi. Va tartibsizlik boshlandi. To‘g‘ri kelgan joyda konstruksiyalar paydo bo‘la boshladi. Nega ular bunaqa turibdi, hech kim bilmaydi. Bu shahar ekologiyasini buzadi, reklama bozoridagi vaziyatni buzadi — narxlar pasayyapti, chunki takliflar ko‘payyapti. Biz noqonuniy konstruksiyalarga qarshimiz,” — deya ta’kidladi u.

Igor Kuchmar katta shahar tashqi reklamasiz yashay olmaydi deb hisoblaydi, lekin uning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olish kerak. U markazda yoki shaharning tarixiy qismlarida konstruksiyali yoki yo‘qotilishi yoki Moskvadagiga o‘xshab kichik formatda bo‘lishi kerakligiga rozi. Lekin bu uchun adekvat mexanizm bo‘lishi kerak.


Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari reklama konstruksiyasining demontaj qilinishi jarayonida.

U hozirda Gelikon Media Group kompaniyasining oltita reklama konstruksiyalari olib tashlanganligini ma’lum qildi.

Igor Kuchmar ham kompaniya hokimiyatdan shartnoma ololmayotganiga shikoyat qildi.

“Biz faqat bir marta 2019 yil oldik, to‘ladik, endi esa hokimiyat shunchaki yopmayapti. Bizda esa to‘lovlar, avanslar turib qolgan. Buxgalteriyamiz norozilik bildirib, “biz soliq to‘layapmiz va xuddiki daromadimizni soliqdan yashirayotgandek bo‘layapmiz”, dedi. Demak bizning to‘lovlarimiz bo‘shliqqa ketyapti, yoki qandaydir g‘alati qaror bo‘lmoqda. Shuning uchun, biz buni “Yagona darcha"da tashkillashtirish uchun bir necha marotaba xatlar bilan chiqqanmiz. Va nega biz har bitta hokimiyat ketidan yugurishimiz kerak? Avval bu “Yagona darcha"da edi, TRS (“Toshkent Reklama-Servis” — tahr.) hujjatini olasan va ishlayverasan”, — deydi u.

Igor Kuchmar bu soha hokimiyat xodimlari uchun yangi va tushunarsiz bo‘lishi mumkinligini taxmi qiladi.

“Men hokimiyat ishchilari haqida yomon narsa aytmoqchi emasman. Ehtimol ular uchun bu yangi va unchalik tushunarli bo‘lmagan faoliyat sohasi. Men tushunaman, ularni tashqi reklama bilan ishlashga tayyorlashmagan. Albatta, ular hammasini tushunadi. Albatta, bunga vaqt, tajriba, xohish kerak. Ularda esa ko‘plab boshqa vazifalar bor. Men bu narsalarni nega tuman hokimiyatlari qo‘shimcha bo‘limlarining bo‘yniga qo‘yish kerakligini unchalik ham tushunmayman”, — dedi Gelikon Media Group ta’sischisi.

U hukumat qarorida belgilangan odatiy reklama konstruksiyalarini “yuqori texnologik qurilmalar” bilan to‘liq almashtirishga qarshi chiqdi. Gap birinchi darajadagi markaziy ko‘chalarda faqat yuqori texnologik video ekranli tashqi reklama konstruksiyalarini, ikkinchi darajali markaziy ko‘chalarda esa aralash yuqori texnologik ob’ektlarni o‘rnatish haqida.

“Markaziy ko‘chalarga kelsak, o‘ylashimcha, bu masalani iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligiga qarab ko‘tarish kerak. Ikkinchidan, shaharning dizayn-kodi. Uchinchidan, shahar muhitining ekologiyasi. Aslida ekranlar — eng zo‘r yechim emas, ayniqsa Toshkentga o‘xshagan muhitda. Bu haydovchilar e’tiborini chalg‘itadi. O‘zbekistonda quyosh nuri kun davomida ko‘p bo‘ladi — ekranlar yorqinligi maksimumga ko‘tarilishi kerak, aks holda reklama ko‘rinmaydi. Bu ko‘z ko‘rishiga ta’sir qiladi. Agar biz har 150mga ekran qo‘ysak, bu juda g‘alati, yomon bo‘ladi. Va iqtisodiy jihatdan maqsad muvofiq emas. Bu o‘z narxini qoplamaydi, shundoq ham 90% reklama beruvchilar standart statik reklamani so‘rashadi”, — dedi tadbirkor.


Igor Kuchmar bozorning ko‘plab ishtirokchilari yangi pasportsiz 120 mln so‘m turadigan LED-monitorini o‘rnatishga investitsiya qilmoqchi emas.

Biznes-ombudsman Toshkent shahrida tashqi reklama konstruksiyalari buzib yuborilishi qonuniyligini o‘rganmoqda.

“Mahalliy hokimiyat organlarining ushbu xarakatlari tadbirkorlar orasida keskin noroziliklarni keltirib chiqarayotganligini inobatga olgan holda, Biznes-ombudsman devoni mas’ul davlat organlari ishtirokida ushbu harakatlarning qonuniyligini o‘rganib chiqmoqda”, — deyiladi xabarda.

“Gazeta.uz” Toshkent shahar hokimiyatining izohini ololmadi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati yaqin orada ushbu holatga izoh berishini ma’lum qildi.