Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning ta’kidlashicha, «hozir ham raqamlashtirishga qarshi yashirin qarshiliklar yo‘q emas». Bu birinchi navbatda eskicha ishlashga o‘rgangan ayrim mansabdorlar va tashkilotlarga taalluqli.

Bu haqda vazir 22 aprel kuni «Tashkent Law Spring» II xalqaro yuridik forumining ochilish marosimida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri. Ruslanbek Davletov karantinga olingani bois xalqaro forumda onlayn tarzda ishtirok etgan.

«Albatta, jamiyat xohlayotgan ochiqlik, hisobdorlik, byurokratiya va korrupsiyadan xoli bo‘lishni barcha tashkilotlar bir xilda tushunmaydi va qabul qilmaydi. Ko‘nikmagan bu qadriyatlarga, — deya so‘zida davom etdi Davletov, — Raqamlashtirish va ochiqlik esa umuman yangicha ulardan ishlashni talab qiladi. Birgina davlat xaridlaridagi ochiqlik qanchalik bu illatlarga zarba bermoqda, biz buni olqishlaymiz, baribir endi zamon boshqacha, o‘zgarmasa tashkilotlar xalq ishonchini oqlamaydi, bu esa ularni shubhasiz inqirozga yetaklaydi».


U buning uchun barchaga birdek tushunarli bo‘lgan har bir sohada ochiqlik ta’minlash standartlari yaratilishi lozimligini ta’kidladi. Ularni o‘qigan har bir kishi bir xilda tushunib, tegishli talabni qo‘ya olishi kerak.

«Ikkinchidan, xuddi shunday raqamlashtirishning minimal talablari bo‘lishi kerakki, tashkilotlar o‘z faoliyatida majbur shu dasturlardan minimal ravishda foydalanishi kerak. Jamoatchilik ham talab qila olishi kerak», — dedi Ruslanbek Davletov.

Vazir O‘zbekiston uchun raqamlashtirish va ochiqlik bo‘yicha ustuvor sohalarni belgilab olish kerakligiga e’tibor qaratdi.

«Chunki yo‘nalish ko‘p, muammo yetarli, resurslar tanqisligini e’tiborga olib eng birinchi navbatda qilinishi kerak bo‘lgan va davlat tomonidan moliyalashtirilishi va qo‘llab quvvatlanishi kerak bo‘lgan yo‘nalishlari belgilanishi kerak», — deb uning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Huquqshunos bu borada ochiqlanishini lozim bo‘lgan bir qator masalalarni sanab o‘tdi.

«Masalan, birinchi navbatda byudjet pullarini sarflanishi ochiqligining yangi bosqichi, ayniqsa dolzarb bo‘lgan avtomobil yo‘llarga ketayotgan xarajatlar, aniq manzillari bilan interaktiv kartalarda ko‘rinishi kerak, har bir tashkilotning o‘z ma’muriy binolarini ta’mirlashga ketkazayotgan xarajatlari, amaldorlarning ko‘chmas mulklari va mashinalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqlanishi kerak», — deydi Davletov.


U forumga tashrif buyurganlarni mazkur jumboqlarni birgalikda yechish, o‘lash va tahlil qilish uchun Toshkent huquq bahori platformasi doirasida ochiq va konstruktiv muloqotga chorladi.

«Umuman, to‘rtinchi sanoat inqilobi sharoitida huquqiy institutlarga yangicha nazar tashlash va an’anaviy huquqiy mexanizmlarni yangi voqelikka izchil moslashtirish yo‘llarini birgalikda o‘ylaylik», — dedi vazir.