Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi (JIEBB) Qalampir.uz saytiga bergan ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida 40 dan ortiq shaxs besoqolbozlik moddasi bilan javobgarlikka tortilgan.

Bosh boshqarma sayt tahririyatiga 12 aprel kuni yo‘llagan maktubda 2016−2020 yillar davomida Jinoyat kodeksining 120-moddasi bilan javobgarlikka tortilgan shaxslar soni 44 nafarni tashkil etishi aytilgan. Jumladan:

  • 2016 yilda 6 nafar;
  • 2017 yilda 15 nafar;
  • 2018 yilda 7 nafar;
  • 2019 yilda 7 nafar;
  • 2020 yilda 9 nafar.

«Hozirgi kunda JIEBB tizimidagi jazoni ijro etish koloniyalarida Jinoyat kodeksining 120-moddasida nazarda tutilgan ushbu jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, sudlangan shaxslar soni 49 tani tashkil etadi», — deyiladi xabarda.

Ma’lumotga ko‘ra, ushbu jinoyat turini sodir etgan shaxslarga nisbatan chiqarilgan sudning hukmi qonuniy kuchga kirganidan so‘ng, ular o‘rnatilgan tartibda sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tash turiga qarab jazoni ijro etish koloniyalariga yuboriladilar.

«IIVning me’yoriy hujjatlar talablariga asosan tizim va tasarrufidagi jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar tomonidan takroriy jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, ularning xulq-atvorlarini psixologik jihatdan o‘rganish, ko‘nikish davrida moslashishga ruhiy jihatdan yordamlashish maqsadida psixologik ishlarni olib boruvchi psixolog xizmati tashkil etilgan. Shuningdek, bu toifadagi mahumlar bilan doimiy ravishda psixologik ishlar individual tarzda olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan», — deydi boshqarma.

Ushbu mahkumlar nechi yilga ozodlikdan mahkum qilingani haqida ma’lumot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bir jinsli munosabatlarning qonuniylashtirilishiga qarshi bo‘lgan faollar 28 mart kuni o‘z noroziliklarini bildirish maqsadida Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboni oldida to‘plangandi. Keyinroq Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati LGBT faollariga qarshi norozilik holatidan so‘ng 12 kishi ushlanganini ma’lum qildi. Shu kuni Bloger Miraziz Bozorov o‘z uyi oldida do‘pposlab ketilgani ma’lum qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ushbu bergan voqealarga o‘z munosabatlarini bildirdi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham bu voqeaga munosabat bildirib, xalqaro tashkilotlarni O‘zbekiston yoki boshqa har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishga chaqirdi. Allamjonov OAVni bu mavzuni yoritmaslikka chaqirdi.

BMT Toshkentda sodir bo‘lgan «xavotirli voqealar»ni xolis tergov qilishga chaqirdi. Xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari ham ushbu voqeaga munosabat bildirdi.