Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 18 aprel ya’ni (yakshanba kuni) soat 18:00 da O‘zbekiston bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev rahbarligida qishloq ho‘jaligi masalalariga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazilganini xabar qildi.

Vazirlikning eslatishicha, Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq, ishdan tashqari ish vaqtida hamda dam olish kunlarida xodimlar ishga jalb qilinganda ularga mazkur tashkilotning jamoa shartnomasida belgilangan, lekin kamida ikki hissa miqdorida mehnat haqi to‘lanishi lozim.

Yohud ishdan tashqari ish vaqtida yoki dam olish kunida ishga jalb qilingan xodimlarga ish soatlariga mutanosib ravishda otgul (qo‘shimcha dam olish kuni) berilgan bo‘lsa, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorida mehnat haqi to‘lanadi.

Vazirlikning Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash maqsadida tegishli hokimiyat, vazirlik va idoralarga dam olish kunida xodimlarni ishga jalb qilish to‘g‘risida buyruq rasmiylashtirish hamda tegishli to‘lovlarni amalga oshirish yuzasidan ogoxlantirish xatlari berilgan.

Shu bilan birga, vazirlikning Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan hozirgi kunga qadar ishdan tashqari va dam olish kunlarida xodimlarni ishga jalb qilish yuzasidan 300 dan ortiq monitoringlar o‘tkazilgan bo‘lib, o‘rganishlar davomida qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida tashkilot va idoralarga 150 dan ortiq yozma ko‘rsatmalar kiritilgan.

Yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyev keraksiz majlis o‘tkazadiganlar ishdan haydalishi to‘g‘risida ogohlantirgan edi.

«Keraksiz majlislarni o‘tkazishni tugatish kerak. Otbozorga aylanib ketyapti. Ba’zi rahbarlar majlisbozlik bilan kasal. Keraksiz majlislar o‘tkazadigan… 40 daqiqadan ko‘proq (majlis) o‘tkazadiganlar ishdan ketadi. Administratsiya va prezident yig‘ilishlaridan tashqari», — degan edi davlat rahbari.

Mehnat vazirligi ish beruvchi va xodimlarga yuqoridagi nazarda tutilgan mehnat qonunbuzilishlari yuzasidan murojaat qoldirish hamda qo‘shimcha tushuntirish olish maqsadida vazirlikning 71−200−06−00 ishonch telefoniga, 1176 qisqa raqamiga, www.dmi.mehnat.uz saytiga hamda vazirlikka yozma ravishda murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tdi.