Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, xalq ta’limi, moliya, IIB, SEO va JSX, bandlik bosh boshqarmalari mas’ullaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, 5-mehribonlik uyida yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganish yuzasidan tekshirish o‘tkazilmoqda.

Avvalroq bolalar ombudsmani Aliya Yusupova muassasa bolalar uchun juda yomon sharoitlar tufayli yopilishi kerakligini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi barcha tarbiyalanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, prokuratura vaziyatni o‘rganishni boshladi, viloyat XTB esa bolalar uyi direktori va ombor mudirini lavozimidan chetlashtirdi.

20 aprel kuni Kitob tuman hokimiyati matbuot xizmati 2020 yilning fevralidayoq xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov mazkur muassasani yopish taklifi bilan chiqqanini ma’lum qildi. U mehribonlik uylarida ota-onasi bor kam ta’minlangan oila farzandlarini joylashtirish ortib ketganligini ma’lumot qilib keltirgan.

XTV rahbari ijtimoiy ahvoli yaxshilangan oila farzandlarini qaytarish orqali Kitob tumanidagi 5-sonli mehribonlik uyi faoliyatini tugatib, tarbiyalanuvchilarni Qamashi tumanidagi 4-sonli mehribonlik uyiga o‘tkazish va 4-sonli mehribonlik uyini Qamashi Bolalar shaharchasiga aylantirish taklifini bildirgan.

«Biroq respublika hududida Koronavirus infeksiyasiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilganligi bois, 5-sonli mehribonlik uyining faoliyatini tugatish bilan bog‘liq ishlari oxiriga yetkazilmagan», — deyiladi hokimiyat bayonotida.

O‘rganishlarda muassasada 65 nafar tarbiyalanuvchilar bo‘lsada, 75 nafar xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelayotgani, shundan 10 nafar tarbiyachi vazifasiga nomutaxassislar ishga qabul qilingani, tarbiyalanuvchilarning 15 nafari chin yetim hisoblanishi, 50 nafarining ota-onasi yoki ulardan biri hayot ekanligi aniqlangan.

Avvalroq «Gazeta.uz» nima uchun bolalarni mehribonlik uylariga joylashtirmaslik kerakligi haqida yozgan edi. Statistikaga ko‘ra, bolalar uylarining aksariyat tarbiyalanuvchilarining ota-onalari mavjud.