Sud hay’ati Minneapolis shahrining sobiq politsiyachisi Derek Shovinni afroamerikalik Jorj Floydni ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘ldirishda aybdor deb topdi. Bu haqda CNN`ga tayanib Meduza xabar bermoqda.

Sobiq politsiyachi ayblovning barcha uchta bandi bo‘yicha aybdor deb topildi. Ulardan eng og‘iri — qasddan sodir etilmagan ikkinchi darajali qotillik — 40 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni ko‘zda tutadi.

Derek Shovinga nisbatan hukm taxminan sakkiz haftadan keyin o‘qiladi. Shovinning o‘zi aybini tan olmadi va sudda ko‘rsatma berishdan bosh tortdi.

Jorj Floyd Minneapolisda 2020 yilning may oyida o‘ldirilgan edi. Uni 20 dollarlik qalbaki puldan foydalanishda gumon qilib qo‘lga olishga urinishgan edi. Qo‘lga olish paytida Derek Shovin sakkiz daqiqacha tizzasi bilan Floydning bo‘ynini bosib turgan, afroamerikalik nafas ololmayotgani haqida bir necha marta aytgani foyda bermagan.

Floydning o‘limi dastlab Minneapolisda, so‘ng AQSHning qolgan barcha shaharlarida, undan keyin dunyoning boshqa mamlakatlarida ham irqchilikka qarshi norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi. Derek Shovin va uning Floydni hibsga olishda ishtirok etgan ikki nafar hamkasbi politsiyadan haydaldi va ularga nisbatan ayblovlar e’lon qilindi.