27 mart kuni prezident «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekkan edi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, 2021 yil 1 apreldan aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilishga yo‘naltirilgan dasturlari doirasida kredit olish uchun arizalari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali qabul qilinadi.

Qarorda shuningdek, o‘zini o‘zi band qiladigan fuqarolarga kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xomashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish maqsadida 5 mln so‘mgacha kredit naqd pulda berilishi nazar tutilgan.


«Gazeta.uz»ga dastur doirasida kredit olmoqchi bo‘lgan ko‘plab obunachilari tomonidan banklar va hokimiyatlarga qilgan murojaatlari besamar ketayotgani haqida murojaatlar kelib tushmoqda.

Shundan kelib chiqib, «Gazeta.uz» oilakredit.uz yagona elektron platformasi orqali kreditni rasmiylashtirish jarayoniga oid qo‘llanmani e’tiboringizga havola etadi.

Arizani to‘ldirish 4 bosqichdan iborat:

  • Ma’lumotlar so‘rovi;
  • Bog‘lanish uchun ma’lumotlar;
  • Kredit bo‘yicha ma’lumotlar;
  • Natija.

Siz mazkur veb-саҳифаga kirgach, asosiy menyudan «Kreditga ariza yuborish» bandini tanlashingiz lozim.

Sizda yuqoridagi suratdagi kabi oyna ochiladi. Unda kreditni jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs nomiga olishingizni belgilab, pasport ma’lumotlarni kiritishingiz talab etiladi.


Ikkinchi bosqichda o‘zingiz haqingizda to‘liqroq ma’lumot kiritishingiz kerak bo‘ladi. Murojaatchining yashash manzili, uyali telefon raqami va elektron pochtasi bazaga kiritiladi.

Agar siz, pasportingizda qayd etilgan manzilda istiqomat qilmasangiz, unda oynadan «Yo‘q, boshqa manzil bo‘yicha» tugmasini bosib, kerakli ma’lumotlarni kiritishingiz lozim.

Shundan so‘ng, tasdiqlash uchun bazaga kiritgan telefon raqamga sms-kod yuboriladi. Uni kiritgach esa keyingi bosqichga o‘ta olasiz.

«Kredit bo‘yicha ma’lumotlar» sahifasida sizning hududingizga mos ravishda arizalar statistikasi namoyon bo‘ladi. Shunga ko‘ra, oynaning pastki qismida 6 ta dasturdan tegishlisini tanlab, faoliyat yo‘nalishi va kredit maqsadini belgilash talab etiladi.

Kreditga talabgorlar ushbu bosqichda tavsiyaviy ko‘rsatmalar bilan ham tanishib chiqishlari lozim. Unda quyonchilik, limonchilik, parrandachilik, chorvachilik, asalarichilik, aholi xonadonlarida sabzavotchilik, uzumchilik va baliqchilik loyihalari uchun kerakli tavsiyaviy ko‘rsatmalar taqdim etilgan. Ularda yo‘nalishlar kesimida kredit muddati, miqdori, shartlari qayd etilgan.

Keyingi bosqichda kredit miqdorini kiritish kerak. Shundan so‘ng, tegishli sertifikat seriyasi va raqamini kiritish talab etiladi. Izoh qismida esa qo‘shimcha bildirmoqchi bo‘lgan ma’lumotlaringizni yozib qoldirishingiz mumkin.

Sertifikat — prezidentning 2020 yil 13 oktyabrdagi [PQ-4862-son] qaroriga muvofiq, faqat Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturlariga taalluqli. Ushbu dasturlar doirasida kredit olish uchun tegishli o‘quv kursini o‘tish va sertifikatni qo‘lga kiritish talab etiladi.

O‘tgan yilning 15 noyabridan Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ma’qullangan talablar asosida NNTlar o‘quv kurslari tashkil etib kelmoqda. Ushbu o‘quv kurslarini tamomlab, maxsus sertifikatga ega bo‘lgan yoshlar va xotin-qizlarga «Mikrokreditbank» ATB va AT Xalq banki tomonidan 33 mln so‘mgacha ta’minotsiz, qolaversa, kafil, sug‘urta polisi va mol-mulk garovi asosida 225 mln so‘mgacha mikrokreditlar ajratiladi.

Hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoniga qaytamiz. Ariza beruvchi toifasi qatoridan daftarlarning qaysi birida ro‘yxatda tursangiz, tegishlisini belgilashingiz lozim.

Taqdim etilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tasdiqlagach, yuborish tugmasini bosing.

Arizangiz qabul qilingach, ro‘yxatga olingan (ID) raqamini saqlab qo‘ying. Uning yordamida arizangiz holatini kuzatib borishingiz mumkin.

Kredit uchun murojaat 7 ish kunida, hokimiyat tomonidan 5 ish kuni, tijorat banklari tomonidan esa 1 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Kredit faqat uchta bank — «Agrobank» ATB, AT Xalq banki va «Mikrokreditbank» ATB tomonidan taqdim etiladi. Ulardan qay birini tanlash ixtiyoriy.

Eslatib o‘tamiz, sayt hozircha test rejimida ishlamoqda.

Davlat rahbarining joriy yil 27 martdagi [PQ-5041-son] qaroriga asosan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish uchun 1,3 trln so‘m mablag‘ vakolatli banklarning ustav kapitaliga, shu jumladan «Agrobank» ATBga — 700 mlrd so‘m, «Mikrokreditbank» ATBga — 400 mlrd so‘m va AT Xalq bankiga — 200 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

«Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolarga ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini monitoring qilish mas’uliyati tijorat banklari bilan birga mos ravishda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limlari hamda sektor rahbarlari, shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari zimmasiga yuklatilgan.