Fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik qiz, Aziza Izamova Garvard universitetida san’at va arxitektura tarixi yo‘nalishida doktorantura qilish uchun — Harvard University Department of History of Art and Architecture — to‘liq grantini yutib olgani haqida xabar berilgan edi. AnotherDay Telegram kanali muallifi Jahongir Azimov Aziza Izamova bilan suhbat qilib, o‘qishga hujjat topshirish jarayoni qanday kechgani, nega aynan shu tadqiqot sohasini tanlagani va kelajakdagi rejalarini o‘rgandi. «Gazeta.uz» intervyuning o‘zbekcha tarjimasini taqdim etadi.

Aziza Izamova Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi Akademik litseyni bitirib, Berlindagi Bard kollejiga hujjat topshirayotganda undan o‘z o‘tmishiga nazar tashlab, nima uchun ushbu oliygohni tanlaganini tushuntirishni so‘rashadi. U o‘ylab, qo‘yilgan har bir qadam kishini o‘zining hayoti mazmuniga yaqinlashtirishini tushunadi.

«Germaniyada o‘qishimni kim bilibdi? — deydi Aziza, keyin esa qo‘shib qo‘yadi, — Hammasi bir-biriga bog‘liq edi, hattoki 60-sonli maktabda o‘qiganim ham». Aziza o‘sha savolga javob berar ekan, Fond Forum qoshidagi «Kolibri» studiyasida o‘rgangan rassomlik ko‘nikmalari, u yerda yaratgan kichik kiyimlar kolleksiyasi, Hope Art Studio studiyasidagi mashg‘ulotlar haqida eslaydi. Hayotining o‘n yili uning motivatsion xatida (motivation letter — tahr.) jonlandi.

Universitetga kirish uchun tayyorgarlik jarayonida u 18 ta xorijiy oliygohga hujjat topshiradi, lekin birortasiga ham o‘qishga kirolmaydi. «Bu menga juda ham qattiq zarba bo‘ldi», — deydi Aziza. U o‘qishga aniq qira olishi uchun litseyni bitirganidan so‘ng yana bir yil qo‘shimcha ravishda yaxshilab tayyorlangan ham edi. «Sinfdoshlaring yoki litseydagi guruhdoshlaring universitetda o‘qiyotganligini ko‘rib, sening ham qayerdadir bo‘lging, nimadir qilging keladi», — deydi u.

Azizaning aytishicha, o‘z o‘rnini topishi, Berlindagi Bard Kollejida san’atshunoslikni o‘rganishi uchun 18 ta rad javobini olishi kerak edi. U Bard Kollejiga grant asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Retrospektiva konsepsiyasi Azizaning professional tanlovi bilan tutashib ketgan. Bard kollejida u san’atni amaliy ish emas, balki fan sifatida o‘rganadi. Berlinga kelishidan oldin san’at nazariyasi va tarixi haqida unchalik yaxshi bilimga ega bo‘lmagan bo‘lsa-da, uning bu yo‘nalishni tanlashini shoshilinch qaror deb bo‘lmaydi.

Aziza nega bu kasbni tanlaganini qiziq bir voqea bilan tushuntirib beradi.

2019 yilda professor Aya Soyka (Aya Soika), hozirda Azizaning bakalavr bitiruv ishi bo‘yicha rahbari, fashizm hukmron bo‘lgan Germaniyada yashagan xameleon rassom Emil Nolde ijodi haqida ko‘rgazma tashkil etadi. Ikkinchi jahon urushi davomida u o‘z asarlarida natsizm g‘oyalarini ilgari surgan, keyinchalik uning asarlari taqiqlab qo‘yilgan.

Urush tugaganidan so‘ng Nolde o‘zini fashizm qurboni bo‘lganligini ta’kidlaydi. Uning qarama-qarshiliklarga boy qarashlari yaxshi o‘rganilmagan. Bundan tashqari, bir paytlar Angela Merkelning kabinetida u chizgan rasm osig‘liq turgan. Aya Soyka ushbu rasmni ko‘rgazmada namoyish qilish uchun berib turishni so‘ragan.

Professor Soykaning tadqiqotlari Noldening radikal qarashlarini tasdiqladi, ko‘rgazma uchun so‘ralgan rasmni esa «Qaytarib jo‘natmang» degan iltimos bilan yuborishdi.

«San’at tarixiga qanchalik chuqurlashsam, shunchalik ko‘p qiziqarli detallarni o‘rganaman», — deydi Aziza o‘zining tadqiqot ishi haqida.

U Sovet davridagi Markaziy Osiyoning avangard san’atini o‘rganadi. «Butun bir yil men Igor Savitskiyni o‘rganayapman. Bu mening bakalavrdagi bitiruv ishim». Aziza Sovet Ittifoqidagi siyosiy muhit Igor Savitskiyning Qoraqalpog‘istonga kelishiga qanday ta’sir qilganini hamda OAVda uning imidji qanday shakllanganini o‘rganmoqda.


Foto: Aziza Izamova.

Ma’lum bir vaqt O‘zbekistondan uzoqda bo‘lishi Azizaga Markaziy Osiyoning salohiyatini to‘laqonli tushunishiga yordam berdi. Ҳаёт va suratlarni ortga nazar tashlab aniqroq tushunish mumkin.

Aziza Markaziy Osiyo avangardini o‘rganishni Garvard universitetida davom ettiradi. 2021 yilning qishida u «San’at va arxitektura tarixi» (History of Art and Architecture) mutaxassisligi bo‘yicha doktorantura dasturiga o‘qishga qabul qilindi. «Umidim yo‘q edi», — deydi Aziza. U Garvarddan tashqari Stenford, Dyuk, Emori, Kembridj va Ratdjers oliygohlariga hujjat topshirgan. Bu ro‘yxatdan uni Kembridjga ham o‘qishga qabul qilishdi.

Hujjat topshirish uchun unga universitetdan transkript (o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari/baholari), uchta tavsiyanoma (professorlar yoki ish beruvchidan), yozgan ishlarining portfoliosi (tahliliy va yozish bo‘yicha ko‘nikmalarini namoyish qilish uchun ilmiy ishdan bir bob yoki akademik esse), motivatsion xat, standart testlar va talabaning noyob tajribasi yoki uning akademik muvaffaqiyatiga ta’sir ko‘rsatgan omil haqida bir varaqli esse, ya’ni «diversity statement» kerak bo‘ldi.

Hujjatlarni yuborishdan avval, 2020 yil sentyabr oyida Aziza ushbu universitetlardagi professorlarga oldindan yozib, uni qiziqtirgan tadqiqot sohasini tushuntiradi. U qaror qabul qilishda universitetning tadqiqot sohasidagi imkoniyatlari, universitetda uni qiziqtirgan tadqiqot sohasi bo‘yicha professorlarning mavjudligiga e’tibor qaratgan.

«Menga imkoniyat berishadimi, professorlar mening tadqiqotimga rahbarlik qilishga qiziqadimi, bularni bilish menga qiziq edi», — deb tushuntiradi Aziza. Talabalar va universitetlar bir-birlariga mos kelishlari kerak.

Garvard universiteti Azizaning barcha savollariga batafsil javob berdi, lekin suhbat o‘tkazilmadi. Bu universitetga Aziza 4 yanvar kuni o‘z hujjatlarini yuboradi va fevral oyining boshida ulardan javob oladi. «Bu juda ham tez va kutilmagan voqea bo‘ldi», — deydi u. Aziza bu faqat o‘zining tajribasi ekanligini va boshqa talabalar va yo‘nalishlarda holat boshqacha bo‘lishi mumkinligini aytadi.

«Kelajakdagi dissertatsiyam mavzusini oldindan ayta olmayman. U har qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin. Chuqurlashmasdan, Garvardda olgan bilimlarim meni qayerga olib kelishini ko‘rish uchun menda ikki yil vaqt bor. Umuman olganda, men Markaziy Osiyo mavzusini mo‘ljallayapman», — deya o‘z rejalari bilan bo‘lishadi Aziza.

Foto: Aziza Izamova.

Garvard haqida o‘ylaganda, kishining xayoliga huquqshunoslar, biznesmenlar, siyosatchilar, texnologlar haqidagi stereotip bo‘lib qolgan fikrlar keladi. Ularning orasida san’atshunoslarni topish qiyindek tuyuladi.

Azizaning tadqiqot sohasini ommalashgan deyish mushkul. «Do‘stlarim va qarindoshlarimga nima bilan shug‘ullanishimni tushuntirganimda, ular mendan „Shunday qilsa bo‘ladimi?“ deb so‘rashadi». Bo‘ladi. San’atshunoslar ilmiy ishlar va muzeylar yordamida o‘tmishni hozirgi kunda ifodalash maqsadida tarixni o‘rganadi. «San’at sohasidan bo‘lgan tarixiy faktlar dunyo haqidagi farazlarimizni shakllantiradi», — deya qo‘shimcha qiladi Aziza.

Bu jihatdan Markaziy Osiyo noyob mintaqa. Azizaning fikriga ko‘ra, G‘arb akademik doiralarida Markaziy Osiyo haqida tarixiy murakkab, qiziqarli, ko‘p madaniyatli va yangi mintaqa degan tushuncha shakllanmoqda. «Turkiy va arab xalqlarining merosidan tashqari bu yerda sovet va forsiy o‘tmishning izlari ham mavjud, — deydi u. — Markaziy Osiyo san’ati G‘arbiy Yevropanikidek chuqur o‘rganilmagan».

Azizada tadqiqot bilan shug‘ullanish uchun kerakli «qurollar» mavjud: ingliz, nemis, rus va o‘zbek tillari, O‘zbekistondagi ildizlari va tarixga bo‘lgan chuqur qiziqishi.

Aziza o‘qish uchun to‘liq grant yutgan, lekin o‘zini «osobennыy student» deyishdan yiroq. «Chunki barcha doktorantura talabalari to‘liq stipendiya olishadi», — deya aniqlik kiritadi u.

Yarim yildan so‘ng Aziza doktoranturada o‘qishni boshlaydi, uch yildan keyin esa Garvarddagi katta auditoriyada turib talabalarga dars beradi. «Men „ko‘priklar qurmoqchiman“. Bir tomondan, g‘arb akademik doiralariga Sovet Markaziy Osiyosi haqida ko‘proq bilim olib kelmoqchiman. Boshqa tomondan, O‘zbekistondagi tadqiqot sohasini boyitmoqchiman», — deydi u.