O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

9 may Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlariga 12 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda karantin qoidalariga rioya qilgan holda Vatan ozodligi va shon-sharafi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va madaniy-ma’rifiy kechalarni o‘tkazish topshirildi.

Urush qatnashchilari va nogironlariga mukofot miqdori 2016 yilda 800 ming so‘m, 2017 yilda 2 mln so‘m, 2018 yilda 5 mln so‘m, 2019 yilda 7,5 mln so‘mni, 2020 yilda 10 mln so‘mni tashkil etgan edi.