Prezident Shavkat Mirziyoyevning 15−16 aprel kunilari Samarqandga tashrifi davomida viloyatni beshta yo‘nalish bo‘yicha, jumladan turizm sohasi ham rivojlantirilishini ta’kidlagan edi. Shu qatorda, Samarqand xalqaro aeroporti sentyabrgacha o‘z faoliyatini boshlashi, yiliga 1,5 mln kishiga xizmat ko‘rsatishi aytildi. Davlat rahbariga uning loyihasi ham taqdim etildi.

Bundan tashqari, viloyatning ziyorat turizmini yanada rivojlantirish maqsadida Imom al-Buxoriy ziyoratgohi qaytadan bunyod etilmoqda (foto). Qolaversa, Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida 8 ta mehmonxona, karvonsaroy, dam olish maskanlari va xalqaro Kongress-xollni o‘zi ichiga olgan turizm markazi 2022 yilga qadar qurib bitkazilishi aytildi.

Shundan kelib chiqib, jurnalistlar bilan suhbat davomida bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov xorijlik turistlarni jalb qilish borasida qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida gapirdi.

«Hozirgi kunda biz Samarqand salohiyatining [turizm salohiyati nazarda tutilmoqda — tahr.] ko‘pi bilan 5 foizidan foydalanyapmiz. Samarqand xalqaro aeroporti orqali 2021 yilda 165 ming yo‘lovchi kelishi kutilmoqda. Solishtirib ko‘radigan bo‘lsak, O‘sh va Chimkent aeroportlari orqali yiliga kamida 1,3−1,4 mln yo‘lovchi o‘tadi. Bu albatta Samarqand salohiyatini ocha olmaganimizdan ham dalolat», — dedi u.

Mazkur xalqaro aeroportga ochiq osmon maqomi berilishi ma’lum qilindi.

«Samarqand xalqaro aeroportiga ochiq osmon maqomi berilmoqda. Bu bilan ko‘plab aviakompaniyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchib kelishi mumkin bo‘ladi. Avvalambor, barcha yirik aviakompaniyalarga murojaat qilib, bu yerdagi imkoniyatlarning taqdimotlarini o‘tkazdik. Hozirning o‘zida 15 ta aviakompaniya Samarqandga parvozlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirmoqda», — deya ta’kidladi vazir.

U O‘zbekiston turizmining asosiy mijozi arab mamlakatlari fuqarolari ekanini qayd etib, buning sababini tushuntirdi.

«Yevropa yoki boshqa rivojlangan mamlakatlarning aholisi yiliga bir-ikki marotaba sayyohatga chiqadi. Lekin arab mamlakatlari fuqarolarining daromadlari baland, Quvayt, Ummon, Bahrayn va Qatar davlatlarida fuqarolar ko‘proq oilaviy sayohatni yoqtirishadi. Bu — harajat ko‘proq qilishadi va uzoqroq qolishadi degani. Ular kerak bo‘lsa, har oy chet elga chiqishga o‘rgangan. Biz buni o‘sha davlatlardagi elchixonalarimiz orqali chuqur tahlil qilganimizda, ular bizga juda ham mos keladigan mehmonlar ekanligini tushunib yetdik», — dedi Aziz Abduhakimov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, prezident turizm va sport vaziri hamda transport vaziriga byurokratiyasiz qisqa muddatda samolyotlarga qo‘nish va uchishga ruxsat berish bo‘yicha soddalashtirilgan tizimni yaratish topshirig‘ini bergan. Qolaversa, aeroportda yoqilg‘i va xizmat ko‘rsatish narxlarini arzonlashtirish zarurligiga e’tibor qaratilgan.


Turizm va sport vaziri jurnalistlarning Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasining parvoz naxrlari arzonlashishi yoki yo‘qligi borasidagi savoliga ochiq osmon tashkil qilinishi evaziga, barchaga teng imkoniyat yaratilishini aytdi.

«Misol uchun Istanbuldan Chimkentga uchib kelish 260 dollar, bizga bo‘lsa 450 dollar. Qariyb 200 dollar farq. Albatta, biz raqobatdosh bo‘la olmaymiz. Hozir endi Samarqand xalqaro aeroporti ochilsa, narxlar tushadi. Bu bozor, biz hammaga imkoniyat bermoqchimiz. Ochiq osmon bu — hamma aviakompaniyalar aeroportga kelib qo‘nishi mumkin degani. Ularning qatnovi ikkitomonlama bo‘ladi, demakki biznikilar ularning xizmatidan ham foydalana oladi», — dedi u.

Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, «birgina Flydubai loukosteri Samarqandga amalga oshiradigan aviaqatnovlarini yanada ko‘paytirishni so‘ramoqda».

Avvalroq, Samarqand aeroporti yulduzlar va sayyoralarni izlovchi buyuk astronom Mirzo Ulug‘bekning ishlaridan ilhomlanib yaratilayotgani haqida yozgan edik. Yangi terminal dizayni kitob shaklida bo‘lib, yuqoridan qaraganda uning ustida yulduzlar turkumi aks etgan. Qolaversa, u ishga tushgach soatiga 1000 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda.