Chad prezidenti Idris Debi mamlakat shimolida qo‘zg‘olonchilarga qarshi jang paytida olgan jarohati tufayli vafot etdi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.

68 yoshli Debi jangarilarga qarshi kurashdagi g‘alabani nishonlash va qurolli kuchlar operatsiyalariga rahbarlik qilish uchun jangovor harakatlar bo‘lgan joyga borgan. To‘qnashuvlarda davlat rahbari jiddiy jarohat olgan va keyinchalik kasalxonada vafot etgan.

Avvalroq Idris Debi 79 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab, oltinchi muddatga prezidentlikka qayta saylangan edi.

Chadda 18:00 dan 5:00 gacha ikki haftalik milliy motam va komendantlik soati e’lon qilindi. Shuningdek, harbiylar quruqlik va havo chegaralarini yopishga qaror qilishdi.

Amaldagi Vazirlar Mahkamasi va Parlament tarqatildi. Harbiy kengash yangi saylovlar o‘tkazishga va’da berdi.