15 aprel kuni Bosh prokuratura Ichki xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi va Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘zini bosh prokuratura xodimi deb tanishtirgan va yer olib berishni va’a qilib, pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, fuqaro A.J. o‘zini Bosh prokuratura Departamentida, yaqin qarindoshi esa Bosh prokuraturada yuqori lavozimda ishlashini qayd etib, fuqaro B.Yu.ga Toshkent viloyati hududida 1,5 gektar yer maydoni ajratilishida tegishli qaror chiqartirib berishni va’da qilgan.

Hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga shu kunga qadar 51 100 dollarni qo‘lga kiritib, qolgan 24 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Gumonlanuvchi A.J. muqaddam Jinoyat Kodeksining qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun qidiruvda bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumondor shaxs protsessual tartibda ushlangan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.