Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev 18−19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida aholi uchun ijtimoiy va maishiy qulayliklar yaratish, aholi bandligini ta’minlash, Namangan shahri hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida Namangan shahar bo‘ysunuvida Yangi Namangan tumanini tashkil etish taklifini kiritgan edi.

Ushbu taklif xalq deputatlari Namangan shahar kengashining hamda Namangan viloyati kengashining qarorlari bilan ma’qullangan.

Namangan shahri 1926 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda uning aholisi 640,1 ming nafarni, umumiy yer maydoni 18 ming gektarni tashkil etadi. 2019 yilda Chortoq va Namangan tumanlaridan 57 ming nafar aholi istiqomat qiluvchi hududlar hamda 6,3 ming gektar yer maydonlari qo‘shilgan.

Namangan shahrida joylashgan 79 ta mahalladan 24 tasi, 70 ta maktabgacha ta’lim muassasasidan 40 tasi, 85 ta umumta’lim maktabidan 21 tasi, 6 ta oilaviy poliklinikadan 2 tasi va 52 ta kasalxonaning 12 tasi Yangi Namangan tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Yangi tuman tashkil qilinishi bilan sanoat va ishlab chiqarishdagi rolini oshirish bo‘yicha yangi tuman hududida 16 ta sanoat korxonalari va 4 ta kichik sanoat zonasi barpo etiladi. Tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalarida 245 mlrd. so‘mlik 62 ta loyihada 2600 ta yangi ish o‘rinlari yaratish belgilanmoqda.

Yangi Namangan tumani Namangan tarkibidagi ikkinchi tuman bo‘ladi. 2020 yil sentyabrida shaharda Davlatobod tumani qayta tuzilgan edi. Davlatobod tumani 1977 yil avgustida tashkil etilgan edi, ammo Oliy Majlis qarori bilan u bekor qilingan va 2004 yil 1 yanvardan Namangan tarkibiga kiritilgan.