Xitoy-o‘zbek ZF-UZ-VAS2001 vaksinasi tadqiqotlarning uchinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, yuqori darajadagi antitanalar ishlab chiqilishini ko‘rsatdi. Vaksinani koronavirusning yangi «britaniya» va «braziliya» shtammlariga qarshi samarali ekanligi tasdiqlandi, deya xabar bermoqda Vaksina.uz Telegram kanali.

Qayd etilishicha, fevral oyida o‘tkazilgan sinovlar natijalariga ko‘ra, vaksina koronavirusning «janubiy afrika» shtammiga ham qarshi aktiv neytral holatini saqlab qoldi.

Nazorat guruhiga kiritilgan 150 nafar ko‘ngillilarning 90 foizida ikkinchi dozadan so‘ng qonda 4,55 Au/ml dan yuqori bo‘lgan antitanachalar darajasi aniqlandi. Bu koronavirusni zararsizlantirish uchun yetarli hisoblanadi, deyiladi xabarda.

27 mart kuni Xitoy-O‘zbekiston hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi Xitoydan 1 mln dozada olib kelingan edi. Sog‘liqni saqlash vaziri aprel-iyun oylarida ham yana 3,5 mln dozada mazkur vaksinani olib kelinishi haqida ma’lum qilgan.

1 aprel kuni O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi vaksinatsiya jarayoni boshlandi. Birinchi bosqichda 65 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar hamda tibbiyot xodimlari emlandi.

Xitoy-O‘zbekiston hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini olganlarda isitma, allergik reaksiyalar va ukol qilingan joyda qizarish singari nojo‘ya ta’sirlar kuzatilishi mumkin. Biroq bundan qo‘rqish kerak emas, 2−3 kunda o‘tib ketadi deya ma’lum qilgan edi innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari.